$
 12052.05
39.93
 13985.20
49.94
 165.30
-0.82
weather
+26
Кечаси   +14°

14 band, 300 milliard dollar va yadro masalasi: AQSh va Eron uzoq kutilgan kelishuvga erishdi

memorandum

Yillar davomida bir-biriga qarshi turgan AQSh va Eron o‘rtasida muhim kelishuv imzolandi. Donald Tramp va Mas’ud Pezeshkiyon tasdiqlagan 14 banddan iborat memorandum urush harakatlarini to‘xtatish, sanksiyalarni bekor qilish, Eron iqtisodiyotini tiklash va yadro dasturi bo‘yicha yangi qoidalarni belgilashni nazarda tutadi. Hujjat kuchga kirganini har ikki tomon ham tasdiqladi.

Xo‘sh, bu hujjat AQSh va Eron o‘rtasidagi ziddiyatlarga yakun yasaydimi?

Mojarolarni to‘xtatish va muzokaralar uchun 60 kun

Memorandumning eng muhim bandlaridan biri barcha frontlardagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga qaratilgan. AQSh, Eron va ularning ittifoqchilari Livan kabi hududlarda ham jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga kelishgan. Eron bir necha bor Livandagi vaziyat ham ushbu sulhning bir qismi bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.

Shuningdek, tomonlar bir-birining suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, ichki ishlariga aralashmaslik majburiyatini oldi. Memorandum imzolangan paytdan boshlab AQSh va Eron yakuniy bitim bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi. Buning uchun ularga maksimal 60 kun vaqt berilgan, zarurat bo‘lsa muddat uzaytirilishi ham mumkin.

AQSh blokadani bekor qiladi

Kelishuvga ko‘ra, AQSh Eron portlariga qo‘yilgan cheklovlar va dengiz blokadasini bosqichma-bosqich bekor qiladi. Eron Tashqi ishlar vazirligi bu jarayon 30 kun ichida yakunlanishini ma’lum qilgan. Yakuniy bitim imzolanganidan keyin AQSh o‘z harbiy kuchlarini Eron yaqinidan olib chiqishi ham rejalashtirilgan.

Eron esa dunyo neft bozori uchun muhim hisoblangan Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning xavfsiz va erkin harakatlanishini ta’minlashga va’da berdi. Bo‘g‘ozdagi minalar va boshqa texnik to‘siqlar bartaraf etilib, transport qatnovi tiklanadi. Kelajakda Eron Ummon va Fors ko‘rfazi davlatlari bilan birgalikda bo‘g‘ozni boshqarish bo‘yicha alohida kelishuv ishlab chiqishi mumkin.

Eron uchun 300 milliard dollar va sanksiyalarning bekor qilinishi

Memorandumdagi eng shov-shuvli bandlardan biri Eron iqtisodiyotini tiklash uchun kamida 300 milliard dollarlik fond yaratish rejasi bo‘ldi. Mablag‘ AQSh hisobidan emas, balki xalqaro va mintaqaviy investorlar ishtirokida shakllantiriladi. Biroq Eron ushbu imkoniyatlardan faqat o‘z majburiyatlarini bajargan taqdirdagina foydalana oladi.

Bundan tashqari, AQSh Eronga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishga rozi bo‘lgan. Shuningdek, yillar davomida muzlatib qo‘yilgan Eron aktivlarini qaytarish masalasi ham memorandumga kiritilgan. Bu masala avval muzokaralardagi eng katta to‘siqlardan biri hisoblanardi.

Yadro quroli masalasida qanday kelishuvga erishildi?

Hujjatga ko‘ra, Eron yadro qurolini ishlab chiqarmaslik va sotib olmaslik majburiyatini olgan. Tomonlar Eron ixtiyoridagi boyitilgan uran taqdirini ham keyingi muzokaralarda hal qilishga kelishib olgan.

Yakuniy qaror qabul qilinmaguncha AQSh ham, Eron ham mavjud yadro dasturi bo‘yicha amaldagi holatni saqlab turadi. Bu davrda AQSh yangi sanksiyalar joriy etmaydi, ayrim iqtisodiy faoliyatlar, jumladan neft eksporti va bank operatsiyalariga ruxsat berishda davom etadi.

Memorandumning so‘nggi bandlarida esa kelishuv ijrosini nazorat qiluvchi maxsus mexanizm yaratish va keyinchalik yakuniy bitimni BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan tasdiqlash ko‘zda tutilgan.

Теги :
Jamiyat