$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentda ish ko‘p: O‘zbekistonda bo‘sh ish o‘rinlari bilan bog‘liq vaziyat qanday?

Shartnoma

Markaziy bankning Mehnat bozori sharhiga ko‘ra, O‘zbekistonda bo‘sh ish o‘rinlari I chorakda 36,8 mingtaga yetgan.

Mehnat bozori ko‘rsatkichlari

Tahlilda ma’lum qilinishicha, o‘tgan yilning ikkinchi yarim yilligidan boshlab mehnat bozori ko‘rsatkichlari yaxshilanishda davom etmoqda. 2023-yil yakuniga, yuqori investitsion faollik sharoitida jami ish bilan band bo‘lgan aholi soni 312 ming kishiga yoki o‘tgan yilga nisbatan 2,3 foizga oshdi. Iqtisodiyotdagi ishsizlik darajasi sezilarli darajada kamayib, 6,8 foizni tashkil qildi. Bandlikka asosiy hissa qo‘shgan sohalar qurilish va savdo tarmoqlari bo‘lsa-da, qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlar soni kamaydi. Mehnat bozoridagi bo‘sh ish o‘rinlari (vakansiyalar) soni bilan o‘lchanadigan ishchi kuchiga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshdi. Ushbu davrda bo‘sh ish o‘rinlarining o‘rtacha soni qariyb 36,8 mingtani tashkil etib, 2023-yil dekabr oyi ko‘rsatkichlariga nisbatan 14 foizga oshgan (32,2 mingta). 

Ish o‘rinlari hudud va sohalar kesimida

Eng ko‘p bo‘sh ish o‘rinlari chakana savdo, qurilish, umumiy ovqatlanish, ishlab chiqarish va ta’lim sohalarida shakllanishda davom etmoqda. Hududlar bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlarining asosiy qismi Toshkent shahri (60 foiz atrofida), Samarqand (11 foiz) va Toshkent viloyatlariga (9 foiz) to‘g‘ri kelgan. Bundan tashqari, yil boshidan yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 8,2 foizga oshib, 262,8 ming kishini tashkil etdi. Tadbirkorlar asosan chakana savdo (+8,6 foiz) va maishiy xizmat ko‘rsatish (+18,9 foiz) faoliyat yo‘nalishlarida ro‘yxatdan o‘tmoqda. Ushbu holat o‘zini o‘zi band qilganlar bilan ham kuzatilib, ularning soni yil boshidan287 ming kishiga yoki 11,8 foizga oshgan (2,8 million kishi). 

Ish haqi dinamikasi

Ish haqi dinamikasi mehnat bozorining joriy holatini o‘zida aks ettirishda davom etmoqda. 2024-yilning birinchi choragida ish haqining nominal o‘sish sur’ati yillik 19,8 foizni, inflyatsiyani hisobga olgan holda esa 9,8 foizni tashkil etdi (6-rasm). Xususan, ishchi kuchiga bo‘lgan yuqori talab fonida, savdo (24,4 foizga) hamda axborot va aloqa (23,5 foizga) sohalarida yuqori ko‘rsatkichlar saqlanib qoldi. Qurilish sohasida mehnat resurslari taklifining o‘sishi hisobiga ish haqi o‘sishi pastroq shakllanmoqda (6,6 foiz).