$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Fastfud tarmoqlarining aqlli marketing strategiyasi: Tirbandlik va tezpishar taomlarga moyillik o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?

fastfud

Deyarli har bir yirik shaharda kuzatiladigan yo‘llardagi tirbandliklar faqatgina transport muammosi emas, balki odamlarning ovqatlanish odatlariga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Illinoys universiteti tadqiqotchilari tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqot aynan shu bog‘liqlikni tahlil qilib, qiziqarli xulosalarga keldi.

Tirbandlik va fastfudga moyillik o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?

Los Anjelesdagi ikki yillik ma’lumotlar asosida tadqiqotchilar yo‘l harakati, trafik va tirbandlik holatlarini tahlil qildi. Unga ko‘ra, kutilmagan tirbandliklar oddiy tirbandliklar bilan solishtirganda tezpishar ovqat tarmoqlariga tashrif buyurishni 1%ga oshirgan. Bir qarashda bu ko‘rsatkich unchalik katta ko‘rinmasligi mumkin, ammo yirik shaharlar miqyosida yiliga 1,2 million marta qo‘shimcha tarzda fastfud yeyish haqida gap ketmoqda. Tadqiqot mualliflari o‘z xulosalarini noto‘g‘ri ovqatlanish odatlarini kamaytirish nuqtai nazaridan muhim deb hisoblashini bildirdi.

Asosiy sabablar

Tadqiqotda tirbandlik va fastfudga bo‘lgan talab o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash chog‘ida uchta asosiy sabab keltirilgan.

Birinchi sabab – vaqt muammosi. Kun davomida ishlagan odam ishdan keyin do‘konga borib, mahsulot sotib olib, keyin esa ovqat tayyorlashga vaqt sarflashni istamaydi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, aynan 17:00–19:00 oralig‘ida fastfud restoranlariga tashrif sezilarli darajada oshgan. Buning asosiy sababi shundaki, odamlar tirbandlik tufayli ortiqcha vaqt yo‘qotganidan so‘ng, tez va oson ovqatlanish usulini izlashadi. Fastfud restoranlari esa aynan shunday ehtiyojni qondirish uchun mukammal variant hisoblanadi.

Stress, charchoq. Tirbandlik – bu shunchaki transport muammosi emas, balki inson salomatligiga ham ta’sir qiluvchi omil. Uzoq vaqt yo‘lda turish, sekin harakatlanish va haydovchilar yoki yo‘lovchilarning asabiylashishi natijasida inson fiziologik va psixologik jihatdan charchaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, charchagan va stress ostida bo‘lgan odamlar odatda tez tayyor bo‘ladigan, kaloriyaga boy ovqatlarni tanlashga moyil bo‘ladi. Shuning uchun ular sog‘lom ovqatlanish haqida o‘ylash o‘rniga, organizmga darhol energiya beruvchi fastfud mahsulotlariga murojaat qilishadi.

Fastfud restoranlarining shahardagi “aqlli” joylashuvi. Fastfud tarmoqlari odatda katta avtomagistrallar, chorrahalar va tirband yo‘llarga yaqin hududlarda joylashgan. Bu ularning tirbandlik paytida avtomatik ravishda tanlanishini ta’minlaydi. Odamlar tezroq harakat qilish istagida bo‘lib, uzoq joyga borib ovqatlanishni yoki do‘konga borishni o‘ylamaydi, aksincha, yo‘l bo‘ylab joylashgan fastfud restoranlarida to‘xtab ovqatlanishni afzal ko‘rishadi.

Katta shaharlarda do‘konlarga borish nisbatan kamaygan

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, tirbandlik oziq-ovqat do‘konlariga borish sonini kamaytirgan bo‘lsa, fastfud restoranlariga tashrifni oshirgan. Hatto yo‘lda harakatlanish har bir milga 30 soniya sekinlashgan taqdirda ham, odamlarning fastfudga bo‘lgan ehtiyoji oshgan. Bu esa shuni anglatadiki, tirbandlik darajasi pasaysa, odamlar sog‘lom oziq-ovqat do‘konlariga borishga ko‘proq vaqt ajratishi va uyda pishirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.

Bu faqat Los Anjeles uchun xosmi?

Yo‘q. Tadqiqotchilar bu tendensiya barcha yirik shaharlar uchun dolzarb ekanini ta’kidlaydi. Los Anjeles faqatgina tadqiqot uchun tanlangan shahar, ammo:

Nyu-York, London, Parij, Shanxay, Tokio kabi katta megapolislar ham huddi shunday muammoga duch keladi.

Fastfud restoranlari barcha yirik shaharlarning asosiy yo‘llarida joylashgani uchun tirbandlik kuchaygan har qanday shaharda bu muammo kuzatilishi mumkin.

Odamlar qancha ko‘p vaqt yo‘qotsa, ovqatlanish borasidagi qarorlarini shoshilinch va eng qulay variant asosida qabul qilishadi.

Tirbandlikni kamaytirish sog‘lom ovqatlanish uchun muhim

Tadqiqotchilar shahar infratuzilmasini yaxshilash va transport tizimini samaraliroq qilish orqali odamlarning noto‘g‘ri ovqatlanish tendensiyasini kamaytirish mumkinligini ta’kidlamoqda. Tadqiqot muallifi, Illinoys universiteti professori Bekka Teylor bu borada quyidagicha fikr bildiradi:

“Agar odamlarning vaqt chegaralarini yumshatish mumkin bo‘lsa – masalan, transport infratuzilmasi yaxshilansa, jamoat transportining imkoniyatlari kengaysa yoki ish vaqtida gibrid siyosat joriy qilinsa – noto‘g‘ri ovqatlanish tendensiyasini kamaytirish mumkin.”

Shaharlarda tirbandlik kamaysa, odamlar do‘kondan kerakli mahsulotlarni xarid qilishga va sog‘lom ovqat tayyorlashga ko‘proq vaqt ajrata oladi. Hozirda ko‘plab yirik shaharlar tirbandlikning iqtisodiy va ekologik zararlariga qarshi kurashish strategiyalarini ishlab chiqmoqda, ammo uning aholi salomatligiga ta’siri haqida yetarlicha e’tibor qaratilmagan.

Tadqiqotchilarning fikricha, tirbandlik muammosini kamaytirish, o‘z navbatida jamiyatda semizlik, yurak-qon tomir kasalliklari va boshqa nosog‘lom ovqatlanish bilan bog‘liq muammolarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Bu nafaqat ovqatlanishga ta’sir qiladi...

Tirbandlikning ta’siri faqat ovqatlanish odatlari bilan cheklanib qolmaydi:

 •   Odamlar nosog‘lom va kaloriyaga boy mahsulotlarni tanlashga majbur bo‘ladi.

 •   Semizlik, diabet, yurak-qon tomir kasalliklari kabi muammolar ortadi.

 •   Uzoq muddat davomida noto‘g‘ri ovqatlanish jamiyat sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yo‘l tirbandligi va nosog‘lom ovqatlanish o‘rtasidagi bog‘liqlik butun dunyo shaharlaridagi tirbandlikni kamaytirishga hamda transport infratuzilmasini yaxshilashga yana bir sabab bo‘ladi.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot
Salomatlik