Ombudsman aralashuvi bilan ishchilarga oylik maoshlari undirib berildi
Ishchilarning qariyb 850 mln. so‘mlik ish haqlari undirib bergani aytilmoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Korxonalar o‘z ishchilariga oylik maoshlarini to‘lamaslikda moliyaviy qiyinchiliklarni vaj qilib ko‘rsatgan.
To‘lanmayotgan ish haqlari
Ombudsman aralashuvidan so‘ng ishchilarning qariyb 850 mln so‘m ish haqlari to‘liq undirilgan. Qayd etilishicha, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga bir guruh fuqarolar tomonidan ularning ish haqlari asossiz to‘lanmayotganligi yuzasidan murojaat kelib tushgan.
Murojaat mazmuni
Murojaatda 549 nafar ishchilarning manfaatida 24 nafar fuqaro Navoiy viloyatidagi issiqlik ta’minoti korxonasi hamda 8 nafar fuqaro Toshkent shahridagi qurilish korxonasi ustidan shikoyat qilingan.
Ma’lum qilinishicha, ish faoliyatini yakunlagan ishchilarning ish haqlari va boshqa to‘lovlar to‘lab berilmagan. Korxona rahbariyati mazkur holatning yuzaga kelishiga korxonadagi moliyaviy qiyinchiliklar sabab qilib ko‘rsatgan.
Murojaatlar nazoratga olindi
Mazkur murojaatlar Ombudsman nazoratiga olingan holda joyiga chiqib o‘rganilib, natijada keltirilgan vajlar o‘z tasdig‘ini topgan.
O‘rganish yakunlariga muvofiq, Ombudsman tomonidan tegishli ta’sir choralari kiritilib, natijada 581 nafar ishchining 850 mln so‘mga yaqin ish haqlari to‘liq undirib berilgan.
"Ishlagan tishlashi shart"
Ma’lumot uchun, Mehnat kodeksining 244-moddasiga binoan ish beruvchining o‘z moliyaviy ahvolidan qat’iy nazar, qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlariga muvofiq xodimlar tomonidan bajarilgan ish uchun haq to‘lashni amalga oshirish majburiyati belgilangan.



