$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Mansabdor oʻzi kim? Mansab jinoyatlari nima?

mansabdor

Biz mansabdor degan soʻzni juda koʻp ishlatamiz. Eʼtiroz, taklif, fikr, murojaat bildirar ekanmiz, mansabdorlar qani, mansabdorlar javob beradimi, qabilida fikr bildiramiz. Yoki korrupsiya, nepotizm holatlarini ham aksariyat hollarda mansabdorlar sodir etadi, deymiz.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi, kichik bir tashkilotning boshligʻi ham mansabdor hisoblanadimi? Yo mansabdor deganda faqat vazirlik va davlat idoralarida ishlaydigan shaxslarni tushunamizmi? Qonunchilikda kimlar mansabdor shaxs deb e’tirof etiladi? 

Asos – Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 15-moddasiga ko‘ra: doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat bo‘yicha tayinlanadigan yoki saylanadigan, hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoxud davlat organlarida, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida, mulk shaklidan qat’i nazar, korxonalarda, muassasalarda, tashkilotlarda tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini amalga oshiradigan; yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etishga vakolat berilgan shaxs.

Xuddi shuningdek xalqaro tashkilotda yoxud chet davlatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, ma’muriy yoki sud organida mazkur vazifalarni amalga oshiruvchi shaxs mansabdor shaxs deb e’tirof etiladi.

Mansabdorlik jinoyati

Bunday shaxs Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat huquqida mansabdorlik jinoyatlarining subyekti hisoblanadi.

Mansabdorlik jinoyatlari – mansabdor shaxs tomonidan uning mansab vakolati bilan belgilangan majburiyatlarini buzishi oqibatida fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamiyat manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishi (koʻp miqdordagi zarar – eng kam oylik ish haqining 100 baravaridan 300 baravarigacha boʻlgan miqdordagi zarardir. Jiddiy ziyon – yetkazilgan moddiy ziyonning xususiyati, maʼnaviy ziyonning ogʻirligi, jabrlangan shaxslar soni va holatlar hisobga olingan holda aniqlanadi). 

Mansabdorlik jinoyatlari mansabdor shaxsning mansab vakolatlari bilan belgilangan imkoniyatlardan foydalanib biror bir harakatni, oʻz manfaatini koʻzlagan holda bajarishi yoki bajarmasligi yoxud oʻz vazifa va majburiyatlariga sovuqqonlik bilan munosabatda boʻlishi orqali sodir etiladi. Mansabdorlik jinoyatlarining ijtimoiy xavflilik darajasi nihoyatda yuqoridir. Bunday jinoyatlarni sodir etish fuqarolarning qonuniy haq-huquqlarini buzishga, davlat va jamoat manfaatlariga ziyon yetkazilishiga olib keladi. Bu esa davlat hokimiyati organlarining faoliyatiga, davlatga hurmatsizlik, ishonchsizlik hissini paydo qiladi.