Andijonda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgan maktab direktori 34 mln so‘m jarimaga tortildi
Ma’lum bo‘lishicha, ish jarayonida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan biri yiqilib, qo‘li singan.
1 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabi o‘qituvchi-pedagoglari majburiy mehnatga jalb qilingani bo‘yicha xabarlar tarqalgan edi. Holat yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi izoh berdi.
Voqea tafsilotlari
Ma’lum qilinishicha, holat davlat Mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganib chiqilgan.
Maktab direktori o‘z ko‘rsatmasida, ta’lim muassasasida qurilish ishlari olib borilgani, shu sababli qurilishdan chiqqan chiqindilarni tozalash ishlariga 30 ga yaqin o‘qituvchi-pedagog va texnik xodimlarni majburan jalb qilgani, xodimlar ish stavkalari va dars soatlari qisqarib ketishidan xavotir olib, ushbu ishlarni ko‘rsatmasi asosida bajarganini qayd etgan.
O‘qituvchilardan birining qo‘li singan
Ish jarayonida maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi yiqilib, qo‘li singan. Aniqlanishicha, ushbu maktab “Tashabbusli byudjet”da g‘olib bo‘lgan.
Direktor 34 mln so‘m jarimaga tortildi
O‘rganish davomida Mehnat kodeksining 25-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 349-sonli qarori talablarini buzganligi aniqlangan.
Shu sababli Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabi direktoriga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi 2-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari – 34 mln so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi.



