$
 12909.80
7.8
 13415.86
-12.54
 129.09
1.49
weather
+26
Кечаси   +14°

Madaniyat vaziri: “Biz rossiyaliklar yurtimizda g‘alaba paradlari va aksiyalari o‘tkazmoqchi ekanidan bexabarmiz”

Ozodbek Nazarbekov

AOKAda Madaniyat vazirligi mutasaddilari ishtirokida yil yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumanida yakuniy hisobotlar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berib o‘tildi.

Yil davomida vazirlik qanday ishlar amalga oshirilgan?

Ma’lum qilinishicha, teatr va sirk yo‘nalishida, teatrlarda 10 479 ta spektakl namoyish etilib, ushbu tomoshalarga 3,6 mln nafar tomoshabin tashrif buyurganligi, shuningdek, “O‘zbeksirk” tomonidan 556 ta sirk tomoshalari o‘tkazilib, tomoshalarga 150 ming nafar tomoshabin tashrif buyurganligi ma’lum qilindi. 

Konsert - tomosha yo‘nalishida, 2024-yilda 7 255 ta konsert-tomosha tadbirlari tashkil etilib, 10 mln 37 ming 200 nafar aholi qamrab olindi.

Madaniyat markazlari va nomoddiy madaniy meros yo‘nalishida, mamlakatimizdagi 837 ta madaniyat markazlari tomonidan joriy yilda jami 26 mingdan ortiq madaniy-ma’rifiy va konsert-tomosha dasturlari tashkil etilib, 2,5 mln nafar tomoshabin jalb etilgan.

2 000 nafar pedagog kadrlar, professor-o‘qituvchilarning malakasi oshirilgan

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilib, nomoddiy madaniy meros namunalarini tadqiq etish maqsadida, 13 ta mahalliy va 1 ta xorijiy folklor ekspeditsiyalar tashkil etildi va 250ga yaqin nomoddiy madaniy meros namunalarining dastlabki hujjatlari tayyorlandi, internet va ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib etishga qaratilgan 50 ta audiovizual asarlar yaratildi. Shuningdek, “Rubob yasash va ijrochilik an’analari” bilan bog‘liq nomoddiy madaniy meros namunasi YUNESKOning xalqaro reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.

Ijodkor yoshlar va tanlovlar yo‘nalishda, 18 ta respublika ko‘rik-tanlovlar va festivallar o‘tkazildi hamda ularga 10 ming nafardan ortiq ijodkor yoshlar qamrab olinib, madaniyat va san’at sohasida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan hududlarda 14 ta “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari tashkil etilib, ularga 1 ming 400 nafardan ortiq yoshlar jalb qilindi.

Ta’lim yo‘nalishida, madaniyat ta’lim muassasalaridagi 2 000 nafar pedagog kadrlar, professor-o‘qituvchilar hamda rahbar xodimlar malakasi oshirildi hamda kollejlarining 2 600 nafardan ortiq pedagoglari attestatsiyadan o‘tkazildi.

Musiqa maktabi o‘qituvchilarining ish haqi oshirilishi belgilandi

Prezidentning “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida musiqa madaniyati fani o‘qitilishini tubdan takomillashtirish hamda ushbu fan o‘qituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2024-yil 15-noyabrdagi PQ–391-son qarori tasdiqlandi.

Shuningdek, Prezidentning “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2024-yil 22-noyabrdagi PQ–399-son qarori bilan bolalar musiqa va san’at maktablarining direktori, direktor o‘rinbosarlari, o‘qituvchi va konsertmeysterlarining ish haqi miqdorlari 2025-yil 1-yanvardan boshlab 10 foizga oshirilishi belgilandi.

Millatlararo munosabatlar yo‘nalishida, 6 ta yangi “O‘zbekiston-Belorus”, “O‘zbekiston-Ispaniya”, “O‘zbekiston-Kanada”, “O‘zbekiston-Shimoliy Makedoniya”, “O‘zbekiston-Chexiya”, “O‘zbekiston-O‘mon Sultonligi” do‘stlik jamiyatlari tashkil etilib, ularning umumiy soni 42 taga yetdi.

Shuningdek, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida 35 nafar madaniyat va san’at xodimlariga Toshkent shahri Yashnobod tumanidan 35 ta yangi turar joylar topshirildi.

“Senzuraga qarshimiz degani ma’naviyatdan tashqari ishlarga rozilik degani emas”

Tadbirda yaqinda Adliya vazirligi tomonidan bekor qilingan “ma’naviyat ekspertizasi” haqida so‘z borar ekan, Kinematografiya agentligi rahbari Shuhrat Rizayev “demokratik erkinlik, senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi deb hamma narsaga ruxsat berib bo‘lmaydi. Biz senzurani to‘liq inkor qilamiz hozir ham. Ammo, har bir davlatning o‘zida ma’naviy chegaralar bor. Hech qaysi davlat o‘z ma’naviy-axloqiy chegaralarini buzadigan materiallarni o‘zida ko‘rsatmaydi. Hammasi shunchaki tijoriy maqsadda chetga chiqariladi. Masalan, Amerika ham” — deya bayonot berdi. Shuningdek, Rizayevga ko‘ra, qonunchilikka to‘g‘ri kelmagan qismlari qayta ko‘rib chiqilib, “ma’naviyat ekspertizasi” baribir joriy etilishi mumkin va bunga ehtiyoj bor.

“Biz bundan bexabarmiz”

Matbuot anjumani davomida jurnalistlar tomonidan berilgan “Rossiyaliklar dekabr oyidan boshlab 9-mayga bag‘ishlab o‘tkaziladigan g‘alaba paradlarini O‘zbekistonda ham o‘tkazishni, “G‘alaba maktubi” kabi aksiyalar tashkillashtirilishni ma’lum qilishdi. Bunga vazirlik munosabati qanday?” savoliga berilgan javob, ta’bir joiz bo‘lsa, yumshoqfe’llik bilan berildi.

— Biz bu haqida hech qanday ma’lumotga ega emasmiz. Ehtimol, bu Mudofaa vazirligi yoki boshqa mahalliy tashkilotlar bilan tashkil etilayotgandir. Ammo, bizga hech kim bu borada murojaat bilan chiqmadi, — dedi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.

Теги :
Jamiyat