$
 12634.00
8.96
 13710.42
23.61
 148.62
2.51
weather
+26
Кечаси   +14°

Surxondaryoda 4 ming yillik qabrlar topildi. Ular xavf ostidami?

i ds

Surxondaryo viloyatida to‘rt ming yillik qabrlar hamda ikki ming yillik tarixiy shahar qoldiqlar aniqlandi. Bu haqida viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Topilmalar qaysi davrga oid?

Unda aytilishicha, bu topilmalar O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan Surxondaryo viloyati Uzun tumani hududida olib borilgan tadqiqot ishlari davomida aniqlangan. Izlanishlar davomida turli xil sopol idishlar, qurol-aslahalar, taqinchoqlar, haykalchalar, shaharcha minoralari qoldiqlari hamda qadimiy qabrlar topilgan. Olimlarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, ushbu arxeologik topilmalar eramizdan avvalgi II - eramizning III asrlariga oid Qang‘, Kushon va Yuechji (Massagetlar) davriga tegishli.

Sariosiyodan topilgan tarixiy xumlar

Joriy yilning 11-aprel kuni ham Surxondaryoda milodiy IX-XVI asrlarga oid xum idishlar topilgan edi. Sariosiyo tumani “Sarijar” mahallasida yashovchi fuqaro Erkin Tulakov o‘z tomorqasida issiqxona qurish uchun yer kovlayotgan paytida taxminan yarim metr chuqurlikda katta xum gardishiga duch keladi. Qazish ishlarini davom ettirib, ushbu gardish balandligi taxminan 1,50-1,60 metr bo‘lgan, butun saqlangan bir dona ulkan xum ekanligiga guvoh bo‘ladi.

Mutaxassislari tomonidan olib borilgan arxeologik kuzatuv ishlari natijasida bu yerda yana uch dona xum mavjudligi aniqlanadi. Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, xumlarning ikki donasi IX-XIII asrlarga, yana ikkitasi XIV-XVI asrlarga oid ekanligi taxmin qilingan.

Molxonaga aylanayotgan arxeologik yodgorliklar

Surxondaryo arxeologik yodgorliklarga boy bo‘lishiga qaramay, hali bu hududda tadqiq etilmagan ko‘plab qadimiy qal’a-shaharlar mavjud. Ammo so‘nggi paytlarda Surxondaryo viloyatidagi bir qator yodgorliklarga katta miqdorda zarar yetkazilayotgani ma’lum bo‘lmoqda. Jumladan, 23-may kuni Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatning qadimiy “Hayvontepa” va “Qorabog‘tepa-1” arxeologik yodgorliklarining ayrim qismlari buzib yuborilishi oqibatida 227,4 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Bu voqea sodir bo‘lishidan bir necha hafta oldin Denov tumanida yashovchi fuqaro tomonidan V-VII asrlarga oid “Kattatepa” arxeologik yodgorligining bir qismi molxonaga aylantirilgan.

O‘tgan yilning noyabr oyida aniqlangan qonunbuzarlikda esa Sherobod tumanidagi 4 ta arxeologiya yodgorligiga 7 mlrd. so‘mlik zarar yetkazilgandi. Xususan, I–IV asrlarga oid “Xushvaqtepa” yodgorligida hojatxona, V–VII asrlarga oid “Toshtepa” yodgorligida molxona qurilganligi aniqlangan edi.

Ma’lumot uchun, mazkur jinoiy qilmishlar qonunchilikka asosan og‘ir jinoyat hisoblanib, aybdor shaxslarga nisbatan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.