Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +17° kechasi +9°

Kriptologiya sohasida ta’lim va ilm-fan rivojlantiriladi

Milliy kriptologiya sohasini rivojlantirishning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha 2024-2028-yillarga mo‘ljallangan ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi tasdiqlandi.

2 daqiqa o‘qiladi

Kriptologiya sohasida ta’lim va ilm-fan rivojlantiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida kriptologiya sohasida ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Qarorga ko‘ra nimalar tasdiqlandi?

Unga muvofiq:

2024-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida kriptologiya sohasida ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;

O‘zbekiston Respublikasida milliy kriptologiya sohasini rivojlantirishning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha 2024-2028 yillarga mo‘ljallangan ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi tasdiqlandi.

Dasturga kiritilgan mavzularning ijrosi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar asosida respublikaning sohaviy tashkilotlarini jalb qilgan holda amalga oshiriladi.

Dasturga kiritilgan mavzularni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tanlovlari doirasida bajarilishiga ruxsat beriladi.

Erishilgan ilmiy natijalar va ishlab chiqilgan innovatsion mahsulotlar Davlat xavfsizlik xizmati tasarrufidagi O‘zbekiston Respublikasining intellektual mulki hisoblanadi.

Ekspertning vazifalari

Qarorga muvofiq, Davlat xavfsizlik xizmati huzurida respublikaning oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning tajribali mutaxassislaridan iborat Kriptologiya sohasida idoralararo ekspert guruhi tashkil etiladi.

Ekspert guruhining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

davlat va jamiyat hayotidagi real ehtiyojlarni inobatga olgan holda, respublikada kriptologiya sohasida dolzarb muammolarni o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-tadqiqot mavzularini shakllantirish;

ilg‘or xorijiy davlatlar tajribalari asosida kriptologiya sohasiga oid fan dasturlari, darsliklar va boshqa o‘quv materiallariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqish hamda ular bo‘yicha ekspert xulosalarini berish;

kriptologiya sohasida milliy standartlar loyihalarini ko‘rib chiqish hamda ularning axborot xavfsizligi va zamonaviy kiberxavfsizlik talablariga mosligi yuzasidan xulosalar berish, shuningdek, ularni takomillashtirish bo‘yicha tavsiya va takliflar ishlab chiqish.

Ekspert guruhi Davlat xavfsizlik xizmati huzurida doimiy faoliyat yuritadigan idoralararo kollegial organ hisoblanadi.