$
 12060.55
-36.78
 14183.21
-50.51
 161.32
0.79
weather
+26
Кечаси   +14°

Nega onlayn kreditlar ajratishda uzilishlar kuzatilyapti?

onlayn kredit

Ayrim tijorat banklarida onlayn kredit ajratishda vaqtinchalik uzilishlar kuzatilmoqda, bunga ularning yangi tartibga moslashish bo‘yicha texnik ishlarni yakunlayotgani sabab bo‘ldi. Bu haqda “Kredit-axborot tahliliy markazi” kredit byurosi xabar berdi.

Nega bunday boʻlyapti?

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda bank mobil ilovalarida onlayn kredit olishda yuzaga kelayotgan nosozliklar yuzasidan bildirilayotgan fikrlar o‘rganilgan. Mazkur holatlar ayrim banklarning dasturiy ta’minoti yangi tartibga moslashtirilayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

3759-sonli nizomga muvofiq, 22-apreldan boshlab onlayn kredit ajratishda yangi mexanizm joriy etildi. Unga ko‘ra, mijoz bir vaqtning o‘zida bir nechta banklarga yuborilgan kredit so‘rovlari kredit byurosi orqali tartibga solinadi.

Endilikda birinchi bo‘lib yuborilgan so‘rov ustuvor ko‘rib chiqiladi. Agar kredit tasdiqlansa, boshqa banklarga 24 soat davomida yangi so‘rov yuborish vaqtincha cheklanadi. Kredit rad etilgan taqdirda esa mijoz boshqa banklarga murojaat qilishda davom etishi mumkin. Shu bilan birga, har bir bank kredit berish yoki bermaslik bo‘yicha qarorni mustaqil ravishda qabul qiladi.

Asosiy maqsad

Ta’kidlanishicha, ushbu tartibning asosiy maqsadi — bir shaxs nomidan qisqa vaqt ichida bir nechta kredit rasmiylashtirilishining oldini olish hamda fuqarolarni onlayn firibgarlikdan himoya qilishdan iborat.

KATM kredit byurosi axborot almashinuv tizimi odatdagi rejimda ishlayotgani, tizimda uzilishlar kuzatilmayotgani ta’kidlandi. Biroq ayrim tijorat banklari tomonidan texnik moslashtirish ishlari yakunlanmagani sababli aynan shu banklarda onlayn kredit ajratishda vaqtinchalik uzilishlar yuzaga kelishi mumkin.

Yangi tartib

Markaziy bank qarori bilan kredit va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalari, sayt va boshqa onlayn xizmatlarida foydalanuvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi o‘zgartirilishi xabar berilgandi.

Keyinchalik regulyator masofaviy moliyaviy xizmatlarda joriy etiladigan yangi xavfsizlik talablari yuzasidan izoh bergan. Unda telefon raqami boshqa shaxs nomida bo‘lsa, bank ilovalaridan foydalanib bo‘lmaydi degan qarashlar noto‘g‘ri ekani ta’kidlangan.

Yangi tartib faqat 22-apreldan keyin ro‘yxatdan o‘tadigan yangi mijozlarga tatbiq etiladi. Unga ko‘ra, telefon raqami, JSHSHIR va bank kartasi egasiga oid ma’lumotlar o‘zaro mosligi tekshiriladi. Agar barcha ma’lumotlar bir shaxsga tegishli bo‘lsa, foydalanuvchi ilovalardan odatdagidek foydalanishda davom etadi.

Shuningdek, telefon raqami yaqin qarindoshlar — ota-ona, opa-singil, turmush o‘rtog‘i yoki farzand nomida bo‘lsa ham muammo yuzaga kelmaydi. Bunday holatlarda foydalanuvchilarga qo‘shimcha cheklovlar qo‘llanilmaydi.

Теги :
Iqtisodiyot