$
 12940.44
-22.54
 13336.42
-41.38
 126.85
3.17
weather
+26
Кечаси   +14°

Plastik kartalar sonini cheklash foyda keltiradimi?

Kartalar

Oʻzbekiston Markaziy banki 2025-yil 1-yanvardan boshlab bir kishiga rasmiylashtirilishi mumkin boʻlgan bank kartalari sonini cheklash haqida qaror qabul qildi. Yangi qoidalarga koʻra, bir bankda beshtagacha karta ochish mumkin, umumiy hisobda esa bir mijozga butun bank tizimi boʻyicha yigirmatagacha karta olishga ruxsat etiladi, deb yozmoqda Kursiv nashri. Bu masalada mutaxassislarning fikri qanday?

O‘zbekistonda muomalada bo‘lgan kartalar soni 56,9 millionga yetdi

Mazkur tashabbus oʻtgan yilning noyabr oyida e’lon qilingan edi. Regulyatorning fikricha, bu kabi choralar firibgarlikka qarshi kurashda samarali boʻlishi mumkin. Biroq avvalroq ta’kidlanganidek, bu qoida valyuta kartalariga taalluqli emas.

2024-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda muomalada bo‘lgan kartalar soni 56,9 millionga yetdi. Bir yil davomida 10 milliondan ortiq yangi kartalar chiqarilib, o‘sish 26 foizni tashkil etdi. Biroq Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, kartalarning oz qismi firibgarlik maqsadlarida ishlatilgan.

Bir kishiga rasmiylashtiriladigan kartalar soni 30 tadan 651 tagacha o‘zgarib turadi

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim hollarda bir kishiga rasmiylashtirilgan kartalar soni 30 tadan 651 tagacha (virtual kartalar bilan birga) o‘zgarib turadi. Bir jismoniy shaxs nomiga koʻp miqdorda kartalar rasmiylashtirilganda, firibgarlik harakatlarida ishtirok etish holatlari aniqlangan.

“Hozirda “drop” kartalar degan tushuncha bor. Bu holatda bir kishiga ko‘p miqdorda kartalar ochiladi va ular pul o‘tkazmalari uchun ishlatiladi. Bu odatiy kartalardan foydalanish bilan bog‘liq emas, balki firibgarlik yoki noqonuniy biznesga o‘xshab ko‘rinadi. Cheklovlarni joriy etish fuqarolarni himoya qilish uchun normal chora hisoblanadi”, – deya tushuntirdi Universal bank kuzatuv kengashi raisi Anvar Irchaev.

Shuningdek, u ushbu yangi tartibning asosiy maqsadi firibgarlikka qarshi kurashish ekanini ta’kidladi.

“Plastik kartalar bilan bogʻliq firibgarliklar bank tizimiga boʻlgan ishonchni yoʻqotishga olib kelishi mumkin. Biz fuqarolarimizni bundan himoya qilish haqida jiddiy oʻylashimiz kerak”, – dedi Irchayev.

Aholiga ta’siri bormi?

Universal bank kuzatuv kengashi vakiliga ko‘ra,, bu cheklovlarning aksariyat odamlarga ta’siri bo‘lmaydi. Bir bankda beshta karta yoki umumiy hisobda 20 ta kartaga ega bo‘lish holati kamdan-kam uchraydi. Odatda insonlarda ikki-uchta karta bo‘ladi. Gap UzCard va Humo kartalari haqida ketmoqda, chunki yangi qoida valyuta kartalariga taalluqli emas.

Bu cheklov ikkala tomon uchun ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi

“Kapitalbank” kuzatuv kengashi raisi maslahatchisi Ulugʻbek Tavakkalovning fikricha, bu cheklov foydalanuvchilar uchun ham, banklar uchun ham ijobiy ta’sir koʻrsatadi.

“Soʻnggi besh yilda Oʻzbekistonda chakana sektor rivojida katta yutuqlarga erishildi. Agar besh yil avval nafaqa oluvchilarga naqd pul emas, karta orqali nafaqa olishni taklif qilganimizda, ko‘plab savollar tug‘ilgan bo‘lardi. Hozir esa vaziyat o‘zgardi: kartalardan nafaqat nafaqaxo‘rlar, balki talabalar va boshqa ko‘plab fuqarolar faol foydalanmoqda. Aholining ehtiyojlari ham o‘zgardi – endi ko‘proq “kartani qanday to‘ldirish mumkin”, degan savol beriladi, naqd pulni qanday olish emas”, – deydi Tavakkalov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, moliyaviy savodxonlikning oshishi bitta odamda kartalar sonini kamaytirishga yordam beradi, chunki endi har bir oila a’zosi o‘z kartasiga ega bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, zamonaviy kartalar ko‘p funksiyali bo‘lib qoldi: bitta kartadan mahalliy va xalqaro bozorda, shuningdek, debet va kredit operatsiyalari uchun foydalanish mumkin.

“Bitta bankda beshta karta hattoki eng murakkab ehtiyojlarni ham qondirish uchun yetarli. Bu banklar uchun ham foydali: xizmat koʻrsatish xarajatlari kamayadi va jarayonlar hamda mahsulotlarni boshqarish yaxshilanadi”, – deydi u.

Hozirda banklar bir kishining nechta bank kartasi borligini aniqlay olmaydi

Hozirda banklar bir kishining turli muassasalarda nechta kartasi borligini aniqlay olmaydi. Anvar Irchaevning fikricha, kelajakda bu muammo Markaziy bank tomonidan taqdim etiladigan texnik yechimlar yordamida hal qilinadi.

“Markaziy bank har bir shaxsga tegishli barcha kartalarni ko‘rsatadigan tizim yaratishi mumkin. Hozir biz regulyatordan bu qanday amalga oshirilishi bo‘yicha ko‘rsatmalarni kutyapmiz”, – deya tushuntirdi mutaxassis.

Теги :
Jamiyat