Qoraqalpog‘istondagi 7 ta tuman hokimliklarida qonunchilikka zid bo‘lgan normativ hujjatlar qabul qilinganligi ma’lum bo‘ldi
Bu haqda Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi xabar qilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining 7 ta tuman hokimliklari qonunchilikka zid normativ hujjatlar qabul qilgani aniqlandi, deya xabar qilmoqda Raqobat qo‘mitasi.
Raqobat haqidagi qonun buzilgan
Ma’lum qilinishicha, Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2024-yilning birinchi yarim yilligi davomida 11 ta tuman hokimliklarida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari bo‘yicha jami 15 mingdan ortiq normativ-huquqiy va boshqa turdagi hujjatlar yuzasidan o‘rganishlar olib borildi.
Tekshiruvlar natijasida, Amudaryo, Chimboy, Kegayli, Taxtako‘pir, Qorao‘zak, Taxiatosh va Xo‘jayli tuman hokimliklarida 31 ta holatda tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar, yengilliklar va maxsus huquqlarni asossiz ravishda berish, shartnomalar tuzishda ustunlik berish, sotib oluvchilarning muayyan doirasiga tovarlarni birinchi navbatda realizatsiya qilish va raqobatni cheklashga hamda iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitilishiga olib keluvchi boshqa turdagi hujjatlar chiqarilishi natijasida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasi birinchi qismining 4, 5, 7, 9, 12 va 13 xat boshlari talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Qonun buzilish holatlarini bartaraf qilish uchun taqdimnomalar kiritilgan
Yuqoridagi o‘rganish natijalariga asoslanib, 7 ta tuman hokimliklarining bayonnoma va chiqish xatlari “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiqlashtirildi hamda qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan taqdimnomalar kiritildi.



