$
 12707.95
57.69
 14099.47
115.87
 140.95
-1.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Diyora Keldiyorova yarim finalda: O‘zbek qizi 5 yildan beri yutqazmay kelayotgan yaponni “yer tishlatdi”

Diyora Keldiyorova

Diyora Keldiyorova 5 yildan buyon g‘alabani hech kimga bermay kelayotgan yaponiyalik Uta Abeni mag‘lub qildi. Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarining dzyudo bahslarida Diyora Keldiyorova raqibasini mag‘lubiyatga uchratdi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.

Keldiyorova amaldagi Olimpiada chempionini tomoshabinlar qatoriga kuzatib qo‘ydi

Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarining dzyudo bahslarida birinchi davradan erkin o‘tgan dzyudochi Diyora Keldiyorova (-52 kg) ikkinchi bosqichda Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni, yaponiyalik Uta Abega ro‘para keldi. “Ushbu vaznning ikki nomdor sportchilari o‘rtasidagi bahsda Keldiyorova g‘alaba qozondi, bejizga jahon reytingi peshqadamiga aylanmaganini isbotladi. Keldiyorova amaldagi Olimpiada chempionini tomoshabinlar qatoriga kuzatib qo‘ydi”, - deyiladi xabarda. 24 yoshli Uta Abe 2020-yilgi Olimpiada chempioni bo‘lishdan tashqari, to‘rt marta – 2018, 2019, 2022 va 2023-yillarda jahon chempioni bo‘lgan. U so‘nggi besh yil mobaynida mag‘lubiyat nimaligini bilmayotgandi. U o‘zbekistonlik raqibdan uchragan mag‘lubiyatni o‘ta og‘ir qabul qilib, bahsdan keyin ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Shu tariqa, eng asosiy raqib yo‘ldan olib tashlandi. Va Uta Abening 5 yillik mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘yildi.

Endi u "Yil ipponi" nominatsiyasiga asosiy da’vogar

"Diyora Keldiyorova sportda imkoni yo‘q degan jumla mavjud emasligini, har qanday raqibni mag‘lub etish mumkinligini ko‘rsatdi. Uning yaponiyalik Uta Abeni dog‘da qoldirgan harakati "Yil ipponi" nominatsiyasi uchun eng asosiy da’vogarga aylandi", — deya qayd etmoqda Olimpiya qo‘mitasi.

Keldiyorova navbatdagi raqibni ham mag‘lub etdi

Dzyudochimiz chorak finalda yana bir ajoyib g‘alabasini rasmiylashtirdi. Germaniyalik Masha Ballhaus bilan to‘qnash kelgan Keldiyorova yarim finalga yo‘l oldi. U ayni vaqtda o‘z vaznida jahon reytingi peshqadami hisoblanadi. Eslatib o‘tamiz, hozirgacha 3 nafar dzyudochimiz mag‘lubiyatga uchrab, musobaqani tark etdi. Bular: Doston Ro‘ziyev (-60), Sardor Nurillayev (-66) va Halimajon Qurbonova (-48).

Diyora Keldiyorova biografiyasi

Diyora Baxtiyorovna Keldiyorova - 1998-yil 13-iyul kuni Samarqandda tavallud topgan. XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi, Osiyo chempioni, Jahon chempionati va Jahon harbiy o‘yinlari sovrindori. Dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” g‘olibi bo‘lgan birinchi o‘zbek qizi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori. Ma’lumot uchun, 26 yoshli Keldiyorova 2019 va 2022-yillarda Osiyo chempioni, 2023-yil Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan, 2023 va 2024-yillarda jahon chempionatlarida kumush medal bilan taqdirlangan. E’tiborli jihati, 2023-yil Doha shahrida o‘tkazilgan jahon chempionati finalida u aynan Abega mag‘lub bo‘lgandi.