Alkogol va tamaki “qora bozori”ni sustlashtirishga erishildi
Alkogol va tamaki mahsulotlarini noqonuniy ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bo‘yicha joriy yilda 978 ta qonunbuzarlik holatlari aniqlangan.
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentida alkogol va tamaki sohasidagi ishlab chiqaruvchi va savdo subyektlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
“Qora bozor”ni to‘xtatish borasidagi uchrashuv
O‘tkazilgan uchrashuvda Departament rahbariyati, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi mas’ullari hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi xodimlari, 42 ta ishlab chiqaruvchi, 81 ta ulgurji va 381 chakana savdo faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar, soha mutaxassislari hamda ekspertlar ishtirok etishdi.
Tadbirda, yashirin ishlab chiqarilgan yoki aylanma yo‘llar orqali kirib kelgan sifati kafolatlanmagan alkogol va tamaki mahsulotlarining "qora bozori"ga barham berish, shuningdek O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi arafasida oldimizda turgan bir qator masalalar muhokama qilindi.
978 ta qonunbuzarlik holati
Joriy yilning o‘tgan davrida Departament va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan alkogol va tamaki mahsulotlarini noqonuniy ishlab chiqarish va realizatsiya qilinishining oldini olish borasida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida 978 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Ular doirasida 19 ta yashirin sex faoliyatiga barham berilgan, 822 ta noqonuniy savdo, 26 ta holatda noqonuniy saqlash va 111 ta kontrabanda holatlari fosh etilgan.
Olingan ashyoviy dalillar
Tezkor-qidiruv va tahliliy tadbirlarda gumonlanuvchilardan qo‘lbola usulda ishlab chiqarilgan, qalbaki aksiz markali yoki aksiz markasiz 365 ming dona iste’molga yaroqsiz alkogol, qalbaki mahsulotlarni tayyorlashga mo‘ljallangan 15 tonna spirt va 1,5 mln quti tamaki mahsulotlari, yashirin ishlab chiqarish uskunalari va boshqa anjomlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
"Qora bozor" cho‘ktirilmoqda
Ko‘rilgan choralar natijasida yil boshiga nisbatan noqonuniy tamaki aylanmasini 22 foizdan 14 foizga, alkogol aylanmasini 35 foizdan 24 foizga qisqartirishga erishildi.



