$
 12085.56
33.51
 13870.60
-114.6
 164.52
-0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

19 ta gol, bir nechta rekord va kutilmagan natijalar: Mundialdagi navbatdagi kun qanday o‘tdi?

jch

2026-yilgi Jahon chempionatida navbatdagi o‘yin kuni muxlislarga haqiqiy futbol shousini taqdim etdi. Bir kecha-kunduz ichida o‘tkazilgan to‘rtta uchrashuvda jami 19 ta gol urildi. Germaniya raqibini ayamay yirik hisobda yutdi, Shvetsiya rekord bilan g‘alaba qozondi, Kot-d’Ivuar esa oxirgi daqiqalarda uch ochkoni ilib ketdi. Niderlandiya va Yaponiya o‘rtasidagi bahs turnirning eng qiziqarli o‘yinlaridan biriga aylandi.

Xo‘sh, bugun mundialda kimlar sensatsiya qildi?

Germaniya raqibini ayamay rekordni yangiladi

Xyustonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Germaniya terma jamoasi mundial debyutanti Kyurasaoga qarshi maydonga tushdi va favorit maqomini to‘liq oqladi. Nemislar 6-daqiqadayoq Feliks Nmechaning goli bilan hisobni ochdi. Biroq 21-daqiqada Livano Komenensiya Kyurasao tarixidagi ilk Jahon chempionati golini urib, hisobni tenglashtirgach stadionda kutilmagan hayajon yuzaga keldi.

Shunga qaramay, Germaniya uzoq kutmadi. Niko Shlotterbek va Kay Xaversning gollari evaziga tanaffusga qadar yana oldinga chiqib oldi. Ikkinchi bo‘lim esa to‘liq nemislar ustunligida o‘tdi. Jamal Musiala, Nataniel Braun, Deniz Undav va yana Kay Xavers raqib darvozasini ishg‘ol qilib, hisobni 7:1 ko‘rinishiga olib keldi.

Bu g‘alaba Germaniyaga Jahon chempionatlari tarixidagi eng sermahsul jamoa maqomini ham olib berdi. Nemislar mundiallardagi gollari sonini 239 taga yetkazib rekord o‘rnatdi. Shu kuni Manuel Noyer ham tarixga kirdi. 40 yoshu 79 kunligida maydonga tushgan darvozabon Lotar Matteus rekordini yangilab, Germaniya tarixidagi mundialda o‘ynagan eng yoshi katta futbolchiga aylandi.

Yaponiya oxirigacha kurashdi

Dallasdagi Niderlandiya va Yaponiya uchrashuvi kunning eng tomoshabop bahslaridan biri bo‘ldi. Ikki jamoa ham g‘alaba uchun kurashdi va muxlislar dramatik yakunni ko‘rishdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida Virjil van Deyk niderlandlarni oldinga olib chiqdi. Ammo yaponlar tezda javob qaytarib, Keyto Nakamura orqali hisobni tenglashtirdi. Oradan ko‘p o‘tmay Krisensio Sammervill gol urib, Yevropa vakillarini yana oldinga olib chiqdi.

Ko‘pchilik o‘yin shu hisobda tugaydi deb o‘ylayotgan paytda Yaponiya yana o‘zini ko‘rsatdi. 89-daqiqada Daichi Kamada burchakdan uzatilgan to‘pni darvozaga yo‘llab, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. 2:2 hisobidagi durang har ikki jamoaning guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab qoldi.

Shvetsiya rekord bilan yirik g‘alaba qozondi

Monterreyda o‘tgan Shvetsiya va Tunis uchrashuvida Yevropa vakillari raqibiga imkon qoldirmadi. Bahsning asosiy qahramoni Yasin Ayari bo‘ldi. U o‘yin boshida hisobni ochdi va yakunda dubl muallifiga aylandi.

Shuningdek, Aleksandr Isak va Viktor Dyokeresh ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Biroq uchrashuvdagi eng qiziq voqea Mattias Svanberg bilan bog‘liq bo‘ldi. U zaxiradan maydonga tushganidan atigi 12 soniya o‘tib gol urdi va Jahon chempionatlari tarixida zaxiradan tushib eng tez gol urgan futbolchi sifatida rekord o‘rnatdi.

Tunis safida yagona golni Omar Rekik urdi. Yakunda 5:1 hisobidagi yirik g‘alaba Shvetsiyani F guruhida peshqadamga aylantirdi.

Kot-d’Ivuar va Ekvador

Filadelfiyadagi Kot-d’Ivuar va Ekvador uchrashuvi ancha teng kurashlar ostida o‘tdi. Birinchi bo‘limda Ekvador faolroq harakat qildi va hatto ikki marta darvoza to‘sinini nishonga oldi. Ikkinchi bo‘limda esa tashabbus afrikaliklar tomoniga o‘tdi.

O‘yin taqdiri hal bo‘layotgandek ko‘ringan 90-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Amad Diallo o‘z so‘zini aytdi. Vilfrid Singoning uzatmasidan keyin u aniq zarba yo‘llab, Kot-d’Ivuarga muhim g‘alabani taqdim etdi. Ushbu natija jamoani guruhda Germaniyadan keyingi ikkinchi o‘ringa olib chiqdi.

Теги :
Jamiyat