Orient Group va “O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi” ga nisbatan ish qo‘zg‘atildi
Har ikkala MChJ ga moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.
2 daqiqa o‘qiladi

Raqobat qoʻmitasi tomonidan “Orient Group Management” MChJ hamda “O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi” MChJ QKga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, moliyaviy jarima qoʻllash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Monopoliyaga qarshi organning roziligini olish
Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuni 26-moddasiga asosan iqtisodiy konsentratsiya hisoblangan bitim (harakat) tomonlarining biri aktivlarining balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi BHMning 250 ming baravari miqdoridan ortiq yoxud ularning aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi BHMning 500 ming baravari miqdoridan ortiq boʻlgan shaxslar yoki shaxslar guruhi Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan mas'uliyati cheklangan jamiyatning ulushlarining uchdan bir qismidan ortigʻini tasarruf etish huquqini olganda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish belgilangan.
Moliyaviy jarima qoʻllash yuzasidan qaror
Shunga qaramasdan, “Orient Group Management” MChJ tomonidan joriy yilning 16-may sanasida “Highway Logistics Center” MChJning ustav fondini koʻpaytirish orqali uning 45 foiz ulushiga egalik qila boshlagani ma'lum boʻldi, bunda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinmaganligi aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan Qoʻmitaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Orient Group Management” MChJga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuning 26-moddasi talablari buzilgan deb topildi hamda moliyaviy jarima qoʻllash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Ma'lumot oʻrnida, Maxsus komissiyaning ushbu qarori ustidan “Orient Group Management” MChJ sudga da’vo ariza bilan murojaat qilgan.
“O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi” MChJ QK
Shuningdek, “O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi” MChJ QK tomonidan joriy yilning 23-iyul sanasida monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinmasdan aynan yana “Highway Logistics Center” MChJning ustav fondidan 45 foiz ulush olinganligi holati aniqlandi.
Natijada, ushbu holatda ham Qoʻmitaning Maxsus komissiyasi tomonidan “O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi” MChJ QKga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuning 26-moddasi talablari buzilgan deb topildi hamda moliyaviy jarima qoʻllash yuzasidan qaror qabul qilindi.



