$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Bayram qilishga hali erta: Ish haqi, nafaqa va pensiyalar ortidan jarimalar miqdori ham oshiriladi

Yo

O‘zbekistonda joriy yilning 1-oktyabridan bazaviy hisoblash miqdori 375 ming so‘mgacha ko‘tariladi. Bu haqda Prezident Farmoni qabul qilindi. Shu munosabat bilan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori oshiriladi.

Yangilangan jarimalar miqdori

Kamar taqmaslik – 187 ming 500 so‘m(amaldagisi 165 ming so‘m);

Texnik ko‘rik, doriquti – 187 ming 500 so‘m(165 ming so‘m);

Hujjatsiz haydash – 375 ming so‘m(330 ming so‘m);

Sug‘urtasiz – 375 ming so‘m;

Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanish – 750 ming so‘m(660 ming so‘m);

Noto‘g‘ri parkovka – 750 ming so‘m(660 ming so‘m);

Telefonda gaplashish – 1 mln. 125 ming(990 ming so‘m);

Avtomobilni davlat raqamisiz boshqarish – 1 mln. 875 ming so‘m(1 million 650 ming so‘m);

Tezlik (+20 km/soat) – 375 ming so‘m (330 ming so‘m);

Qarama-qarshi yo‘lda haydash – 3 mln. 750 ming so‘m(3 million 300 ming so‘m);

Mast holatda mashina haydash – 9 mln. 375 ming so‘m(8 million 250 ming so‘m) yoki 3 yilgacha diskvalifikatsiya;

Ruxsatsiz tonirovka – 9 mln. 375 ming (8 million 250 ming so‘m)so‘mgacha jarimaga sabab bo‘ladi.

Jarima ballarini hisoblash tizimi

Eslatib o‘tamiz, Prezident 2022-yil 4-aprel kuni “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekkandi. Farmon bilan yo‘l harakati qoidalariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash hamda ularni takroran buzish holatlarining oldini olish maqsadida 2022-yil 1-dekabrdan boshlab haydovchilarga yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etilishi aytilgan edi. Unga ko‘ra, haydovchi tezlikni oshirsa 1 ball, qizil chiroqda o‘tsa 3 ball jarima yoziladi. Bir yilda qoidabuzarliklari 12 balldan oshgan haydovchi ma’lum muddatga avtomobil boshqarish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Seyfga solib qo‘yilgan qonun

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ball asosida baholash tizimi joriy etish haqidagi ilk xabar 2018-yilda chiqqandi. O‘shanda Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ball asosida baholash tizimini joriy qilish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirilgandi. Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan yaratilgan loyiha yuzasidan muhokamalar 2018-yil 25-oktyabrda boshlanib, 2018-yil 9-noyabrda yakunlanishi belgilangandi. Qarorga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ball asosida baholash tizimi 2020-yil 1-yanvardan boshlab joriy qilinishi kerak edi. O‘sha vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘pchilik bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Biroq bu qaror loyihasi taqdiri noma’lumligicha qoldi. Qaror loyihasi 2019-yil may oyida ham, 2021-yil noyabr oyida ham muhokama uchun regulation.gov.uz’ga joylashtirildi. Shundan so‘ng, uch yil o‘tyapti hamki, yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ballari asosida baholash tizimi hali ham ishga tushmadi. 2023-yil noyabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi haydovchilar tomonidan doimiy ravishda qoidabuzarlik sodir etganlik uchun jarima ballari hisoblash tizimini belgilovchi qonunni ko‘ra boshladi. Ammo bu qonun ham qaysidir "seyfga solib qo‘yildi".

Qoidabuzar haydovchilarni "otni kallasiday" jarimalar ham qo‘rqitolmayapti

Yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ball asosida baholash tizimini joriy qilish ortga surilaverarkan, cho‘ntagi "baquvvat" qoidabuzar haydovchilar yo‘llarda xohlaganini qilaveradi. Bundaylarni belgilangan “otni kallasiday” jarimalar ham qo‘rqita olmaydi. Oqibatda har kuni kimlardir otasidan, kimlardir onasidan, yana kimlardir farzandidan va hatto butun boshli oilasidan ayrilaveradi.

Ma’lumot uchun joriy yilning 5 oyi davomida Toshkent shahrida 393 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan bo‘lib, ularda 29 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Shuningdek, 364 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Yuqoridagi raqamlarni kamaytirish uchun jarima ballari hisoblash tizimini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Biroq nimagadir bu tartibni amaliyotga joriy qilish uzoq yillardan buyon paysalga solib kelinmoqda.