$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Jahon banki O‘zbekistonga 800 mln. dollarlik imtiyozli kredit ajratdi

bank

Jahon banki direktorlar kengashi O‘zbekistondagi islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli kreditlar shaklida 800 million dollarlik moliyaviy paketni tasdiqladi.

Mablag’lar kreditni qoplash uchun uzoqroq muddatlarda taqdim etiladi

“Ushbu mablag‘lar hukumatga xalqaro moliya bozorlarida mavjud bo‘lgan qarz olish imkoniyatlariga nisbatan pastroq foiz stavkalarida va kreditni qoplash uchun uzoqroq muddatlar bilan taqdim etiladi. Bu O‘zbekistonga dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan katta miqdordagi moliyaviy resurslarni tejashga yordam beradi,” - deyiladi xabarda.

Jahon bankining investitsiyasi turli xil sohalarda islohotlar o‘tkazish uchun sarflanadi

Shuningdek, Jahon bankining mablag‘lari hukumatga quyidagi sohalarda aniq natijalarga erishishni nazarda tutuvchi tarkibiy islohotlar dasturini amalga oshirishda yordam beradi:

Ijtimoiy himoya tizimi: muayyan toifadagi fuqarolar uchun ishsizlik, kasallik va onalik nafaqalari qamrovini kengaytirish;

Gender zo‘ravonlikka qarshi kurash: maishiy va jinsiy zo‘ravonlik qurbonlarining huquqlarini yanada samarali himoya qilish uchun huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish;

Fermerlarning qishloq xo‘jaligi yerlariga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqlarini ta’minlash: ushbu huquqlarga rioya etilishini kafolatlovchi mexanizmlarni rivojlantirish;

Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash: investorlarning huquq va manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishni kafolatlaydigan qonunchilikni ishlab chiqish;

Davlat moliyasini boshqarish: fiskal risklar bo‘yicha hisobot mexanizmlarini ishlab chiqish va davlat xaridlarini boshqarishni takomillashtirish;

Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish: iqlim o‘zgarishiga olib keladigan atmosferaga tashlanmalarni kamaytirishga undaydigan qonunchilikni ishlab chiqish;

Suv resurslarini boshqarish: suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va suv yetkazib beruvchilar va suvdan foydalanuvchilarning mas’uliyatini kuchaytirish uchun institutsional va huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish;

Atrof-muhit va iqlimga ta’sirni baholash: iqlim o‘zgarishi, ekologik omillar va havoning ifloslanishi iqtisodiyotning turli tarmoqlariga, shuningdek, odamlarning sog‘lig‘i va farovonligiga ta’sirini baholashda hokimiyat vakolatlarini rivojlantirish;

Iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirishga investitsiyalar: xususiy investorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ekologik toza loyihalarda davlat investitsiyalari ulushini oshirish;

Temir yo‘l sektori: temir yo‘l sektorining samaradorligi va daromadliligini oshirish, temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb qilish va ushbu sektorda atmosferaga chiqariladigan chiqindilarni kamaytirish uchun huquqiy bazani yaxshilash;

Energetika sektori: sektor faoliyati samaradorligini oshirish va uni modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida energiya tariflari tizimini isloh qilish. Aholining zaif qatlamlarini tariflar oshishi oqibatlaridan himoya qilishga qaratilgan ijtimoiy chora-tadbirlarni amalga oshirish. Qayta tiklanuvchi manbalardan energiya ishlab chiqarishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish uchun huquqiy va institutsional bazani takomillashtirish.