Qizlar tez ish topadi, yigitlarda esa maosh koʻproq
O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarning aksariyati mehnat bozoriga kirib bormoqda. Biroq yo‘nalishlar kesimida vaziyat bir xil emas. Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi e’lon qilgan yangi «Bitiruvchilar sifati indeksi» (BSI) tahliliga ko‘ra, ayniqsa tibbiyot yo‘nalishi bitiruvchilarining bandlik ko‘rsatkichi boshqa sohalarga nisbatan past.
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarning aksariyati mehnat bozoriga kirib bormoqda. Biroq yo‘nalishlar kesimida vaziyat bir xil emas. Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi e’lon qilgan yangi «Bitiruvchilar sifati indeksi» (BSI) tahliliga ko‘ra, ayniqsa tibbiyot yo‘nalishi bitiruvchilarining bandlik ko‘rsatkichi boshqa sohalarga nisbatan past.
Tahlil 2025-yil 1-iyuldan 2026-yil 30-iyungacha bo‘lgan davrni qamrab olgan. Unda 170 ta oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan 249,4 mingdan ortiq bitiruvchining ishga joylashishi, birinchi ishini topish uchun sarflagan vaqti, daromadi hamda ishdagi barqarorligi o‘rganilgan.
Tibbiyotda har to‘rt bitiruvchidan biri ishsiz
BSI ma’lumotlariga ko‘ra, barcha OTM bitiruvchilarining 83 foizi ish bilan ta’minlangan. Ijtimoiy fanlarda bu ko‘rsatkich 84 foiz, ijodiy va sport yo‘nalishlarida 83 foiz, amaliy fanlarda esa 82 foizni tashkil qilgan.
Tibbiyot yo‘nalishida esa bandlik darajasi 75 foizda qolgan. Ya’ni hisobot qamrab olgan davrda tibbiyot bitiruvchilarining har to‘rt nafaridan biri ish bilan ta’minlanganlar qatoriga kirmagan.
Qizlar ko‘proq ishlayapti, ammo kamroq maosh olyapti
Tahlildagi yana bir e’tiborga molik tafovut gender ko‘rsatkichlarida kuzatilgan. Bitiruvchi qizlarning 85,1 foizi ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, yigitlarda bu ko‘rsatkich 80,4 foizni tashkil etgan.
Biroq daromad masalasida buning aksi kuzatiladi. Ishlayotgan yigit bitiruvchilarning o‘rtacha oylik ish haqi 6 mln so‘mni, qizlarniki esa 3,9 mln so‘mni tashkil qilgan. Farq 2,1 mln so‘mga teng.
Boshqacha aytganda, qizlar orasida bandlik darajasi yigitlarnikidan 4,7 foiz punkt yuqori bo‘lsa-da, ularning o‘rtacha ish haqi yigitlarnikidan qariyb 35 foiz past.
Bitiruvchiga birinchi ishini topish uchun qariyb uch oy kerak
Umumiy hisobda bitiruvchilarning birinchi ishga joylashishi uchun o‘rtacha 2 oy 27 kun vaqt ketgan. Bu oliy ta’limni tugatish bilan barqaror mehnat faoliyatini boshlash o‘rtasida sezilarli vaqt oralig‘i mavjudligini ko‘rsatadi. Bitiruvchilarning o‘rtacha ish haqi esa 4,9 mln so‘mni tashkil etgan.
Hududlar o‘rtasida ham sezilarli farq bor
BSI hududlar kesimida ham bir xil emas. Eng yuqori natija Navoiy viloyatida qayd etilib, indeks 62,5 ballni tashkil qilgan. Keyingi o‘rinda 62,1 ball bilan Surxondaryo viloyati, undan so‘ng 59,9 ball bilan Toshkent shahri turibdi.
Qoraqalpog‘istonda esa BSI 49,4 ball bo‘lgan. Navoiy bilan Qoraqalpog‘iston o‘rtasidagi farq 13,1 ballni tashkil etadi.
Hududiy tafovutlar bitiruvchilarning imkoniyatlari faqat olgan ta’limiga emas, balki mahalliy mehnat bozori, ish o‘rinlari tarkibi va hududdagi iqtisodiy faollikka ham bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Umumiy indeks 53,4 ball: diplomdan keyingi natija ham muhim
170 ta oliy ta’lim tashkiloti bo‘yicha umumiy BSI 100 ballik tizimda 53,4 ballni tashkil etgan.
Indeksning ahamiyatli tomoni shundaki, u oliy ta’lim natijasiga faqat o‘qish jarayoni nuqtayi nazaridan emas, bitiruvchining keyingi faoliyati orqali ham qarash imkonini beradi. Ya’ni asosiy savol «qancha talaba diplom oldi?» bilangina cheklanmay, «ular diplomdan keyin qanchalik tez va qanday sharoitda mehnat bozoriga kira oldi?» degan masalani ham o‘rtaga qo‘yadi.
Ayniqsa, tibbiyotdagi 75 foizlik bandlik, ayollar va erkaklar o‘rtasidagi 2,1 mln so‘mlik o‘rtacha ish haqi tafovuti hamda hududlar orasidagi sezilarli farqlar alohida tahlilni talab qiladigan ko‘rsatkichlardir.



