Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +20° kechasi +9°

Andijonda 44 nafar amaldor mas’uliyatsizligi ketidan jarimaga tortildi

Qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda 44 nafar amaldor mas’uliyatsizligi ketidan jarimaga tortildi

Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni tomonidan tadbirkorlar murojaatlarining o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi tahlil qilinganda, ayrim amaldorlar tomonidan qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Tadbirkorlar murojaatiga kechikib xulosa bergani uchun

Biznes-ombudsman axborot xizmati xabarida qayd etilishicha, viloyatning 9 nafar tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, 11 nafar tuman agroinspeksiya bo‘lim boshliqlari, 16 nafar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘lim boshliqlari va 8 nafar tuman moliya bo‘limi boshliqlari tomonidan tadbirkorlardan kelib tushgan murojaatlarga xulosa berishda muddat buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Asaka tumani hokim o‘rinbosari misolida

Misol uchun, Asaka tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan “Zumrad” (nomi o‘zgartirilgan) MCHJning 2023-yil 31-oktyabrdagi subsidiya ajratish haqidagi arizasi 2024-yil 19-yanvarda muddati o‘tkazib xulosa berilgan.

Andijon viloyatidagi 44 nafar mansabdorning shu kabi qonunbuzilishi holatiga yo‘l qo‘yganligi oqibatida tadbirkorlarning murojaati o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmagan.

Ma’muriy javobgarlikka tortilgan

Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 43-moddasiga asosan, qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Murojaatlarga 5 ish kunida xulosa berish sharti

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 434-son qaroriga asosan, chorvachilik mahsulotlari uchun subsidiya ajratish bo‘yicha tuzilgan tuman komissiyasi tomonidan 5 ish kuni ichida elektron platforma orqali xulosa berilishi shartligi belgilangan.