$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Nega mayda banknotlar muomaladan chiqadi?

pul

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan 3 yil o‘tib o‘zining milliy valyutasi - so‘mga ega bo‘lgan. Shu kungacha ushbu valyuta muomala vositasi sifatida foydalaniladi. Lekin, bu vaqtgacha so‘m qiymatida chiqqan bir qancha birliklar muomaladan chiqqan. Xo‘sh, o‘zi banknotlar nega muomaladan chiqadi?

So‘m-kupon davri

O‘zbekiston 1991-yil 31-avgustda mustaqillikka erishgani e’lon qilingach, mamlakatda sovet rubli pul birligi sifatida muomalada qolavergan edi. 1992-yilning yanvaridan iste’mol bozorini himoyalash va mahsulotlarni faqat O‘zbekiston fuqarolariga sotish uchun bir martalik kuponlar bosib chiqarilgan. 1993-yilning 15-noyabrida so‘m-kupon chiqarilganidan so‘ng 1 hafta o‘tib — 22 noyabrgacha gazeta qog‘ozida chop etilgan va tashkilotining muhri uriladigan kartochkasi qirqib olinuvchi bir martalik kuponlar amal qilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston Respublikasi hududida parallel to‘lov vositasi sifatida "so‘m-kuponlar"ni muomalaga kiritish to‘g‘risida"gi 1993-yil 12-noyabrdagi №550-sonli qaroriga ko‘ra, ichki bozorni ortiqcha rubl massasidan himoyalash, aholiga pul mablag‘larini to‘lashni o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida 1961–1992-yillarda amalda bo‘lgan sovet rubliga 1:1 nisbatda 1993-yil 15-noyabrdan boshlab muomalaga kiritiladi.

Ularning dizayni

1, 3, 5, 10, 25, 50, 100, 200, 500, 1000, 5000, 10000 so‘mlik pullarning barchasining old qismida O‘zbekiston gerbi va pul nominali, orqa qismida esa Samarqanddagi Registon maydonida joylashgan Sherdor madrasasining surati tushirilgan edi. 1, 3, 5, 10, 25 so‘mlik pullar 120 x 61 mm o‘lchamda, 50, 100, 200, 500, 1000, 5000, 10000 so‘mlik pullar 144 x 69 mm o‘lchamda yasalgan.

So‘mning muomalaga kirishi

O‘zbekistonning amaldagi milliy valutasi so‘m — O‘zbekiston Respublikasi Oliy kengashining 1993-yil 3-sentabrdagi №952-XII qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 16-iyundagi PF-870 sonli farmoniga binoan, 1994-yilning 1-iyulida, o‘zigacha amalda bo‘lgan so‘m-kuponga 1:1000 nisbatda muomalaga kiritilgan. 

So‘mlar hammasi alohida dizaynda muomalaga kirgan. Unga ko‘ra, birinchi 1,3,5,10,25,50,100 so‘mliklar muomalaga kirgan. Keyinchalik pulning qadrsizlanishi tufayli yirik valyutalar ishlab chiqarila boshlagan. 

Pul qadrsizlanishi qanday sodir bo‘ladi?

Mamlakatda inflyatsiya oshib ketsa, pul qadrsizlanishi sodir bo‘ladi. Shunday vaqtlarda, mayda pullarning xarid qobiliyati sezilarli darajada pasayadi. Hukumat bu past qiymatli valyutalarni ishlab chiqarish va saqlash xarajatlarini kamaytirish uchun ularni bosqichma-bosqich muomaladan chiqaradi.

Shuningdek, mayda pullar kundalik hayotda tez-tez ishlatiladi. Bunday pullardan ko‘p foydalanish ularni eskirishiga sabab bo‘ladi va doimiy muomalaga yaroqsiz holga keltiradi. Bundan tashqari, hamma mamlakatlarda mayda pullarni muomaladan chiqarishning o‘ziga xos boshqa sabablari ham mavjud bo‘ladi, chunki markaziy banklar naqd pulni boshqarish bo‘yicha turli xil siyosatga ega.

Shunday bo‘lsa ham, mayda pullar kamayishining asosiy sababi – o‘sha pul birligi miqdoridagi qiymatga tovar yoki xizmat sotib olish imkoni keskin qisqarishi. Bunga misol qilib, O‘zbekistonda 2022-yil davomida 1 000 so‘mlik qog‘oz pul shaklida muomalaga chiqarilmagani keltirsa bo‘ladi — hozir odamlar orasida 1 000 so‘mga avvalgidek talab yo‘q, deyarli hech narsa sotib ololmaysiz.

Hozirda muomalada qancha kupyura bor?

Ma’lumot uchun, shu kungacha 9 ta o‘zbek banknoti muomaladan chiqqan. Ular - 1,3,5,10,25,50,100,200,500 so‘mlar. Shu bilan birga yana bir qancha milliy valyutalar bozorga kirgan. Bugungi kunda O‘zbekiston valtyuta bozorida 8 ta banknotlar orqali muomala qilinadi.