Shanba, 17-oktabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +14° kechasi +10°

Poytaxt bozorlarida kunlik yig‘imlar va ijara haqi keskin oshmoqda

Toshkent shahar hokimiyati qarori loyihasiga ko‘ra, poytaxt bozorlarida savdoning turli yo‘nalishlari bo‘yicha patta yig‘imlari o‘rtacha 20-30 foizga oshishi kutilmoqda. Mutaxassisning ta’kidlashicha, bundan eng ko‘p aziyat chekadiganlar bozor hududida poyafzal ta’mirlab kun kechirayotgan imkoniyati cheklangan ustalar bo‘ladi.

2 daqiqa o‘qiladi

Poytaxt bozorlarida kunlik yig‘imlar va ijara haqi keskin oshmoqda

Toshkent shahridagi yirik bozorlar — Farhod, Sergeli mashina bozori, O‘rikzor ulgurji bozori va boshqa savdo markazlarida xalq tilida patta puli deyiladigan bir martalik yig‘imlar va ijara haqi sezilarli darajada oshishi kutilmoqda. Hokim qarori loyihasiga ko‘ra, bozor hududida savdo qiluvchi tadbirkorlar va xizmat ko‘rsatuvchilarga belgilangan kunlik yig‘imlar o‘rtacha 20-30 foizga qimmatlashadi.

Nimalar o‘zgaradi?

Loyihaga ko‘ra, 2024-yilda tasdiqlangan va hozirda amalda bo‘lgan yig‘imlar bilan solishtirilsa, patta puli miqdorlari 29%gacha ko‘tarilayotganini ko‘rish mumkin. Masalan, patta puli meva sotuvchilar uchun 22%gacha, sabzavot sotuvchilar uchun 21%gacha, dukkakli mahsulotlar sotuvchilar uchun 26%gacha oshiriladi. Yig‘imlar miqdori qurilish materiallari sotuvchilari uchun 27%gacha, avtomobillar sotuvi uchun 25%ga, mol bozorida esa 25%ga oshiriladi.

Eng ko‘p jabr ko‘ruvchilar imkoniyati cheklangan ustalar bo‘ladi

Barcha toifadagi savdogarlar orasida eng yuqori oshish poyafzal ta’mirlash xizmati uchun – 29%. Odatda, bozor hududida poyafzal ta’mirlash bilan ko‘pincha imkoniyati cheklangan fuqarolar shug‘ullanadi. Ularning nomidan poyafzalini yamatmaydigan va oyog‘i yerdan uzilgan o‘zbek chinovniklariga alohida duo yetkazish kerak, deb yozmoqda iqtisodchi Bakirov.

Inflyatsiya qanchalik ta’sir qildi?

Rasmiy statistikaga ko‘ra, yillik inflyatsiya 9,8% deb belgilangan, ammo bozorlardagi patta puli bundan uch karra yuqori darajada oshirilmoqda. Ekspert fikricha, savdo rastalarida kunlik to‘lovlar oshgani sari, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahsulot va xizmatlar narxiga ham ta’sir qiladi, ya’ni xaridorlar yana ham qimmatroq meva-cheva, sabzavot va tovarlar sotib olishiga to‘g‘ri keladi.

Patta puli 4 yil ichida ikki baravar oshgan

Bozor savdogarlari va iqtisodchilar so‘nggi yillarda patta pulining muntazam oshib borayotganini qayd etmoqda. Oxirgi to‘rt yil ichida bu to‘lovlar ikki baravar qimmatlashgan.

Savollar ko‘p, javoblar esa...

Iqtisodchi Bakirov bu holatga o‘z munosabatini bildirarkan, “Turli vajlar bilan bozorlarni egallayotgan o‘g‘ri oligarxlar o‘z maqsadiga erishgach, keyin nima bo‘ladi?”, “Yillik inflyatsiyani 9,8% darajasida chizayotgan chinovniklar bozorlardagi patta pulini 3 karra yuqori darajada oshirilayotganiga qanaqadir tushuntirish bera olishadimi?”, kabi savollarni o‘rtaga tashlamoqda.