$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Hindistondagi Markaziy Osiyo rasmiylarining uchrashuvi qoldirildi

Markaziy Osiyo

Joriy yilning 28-29-avgust kunlari Hindistonda Markaziy Osiyo Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi kerak edi. Bu haqida “The Economic” nashri ma’lum qilgandi. Unda qayd etilishcha, Hindiston Markaziy Osiyoning Tashqi ishlar vazirlari bilan Terrorizmga qarshi samarali strategiyalar va aloqalarni muhokama qilish uchun uchrashuv o‘tkazmoqchi. Biroq uchrashuv texnik sabablar tufayli ma’lum muddatga qoldirildi. 

O‘zbekiston TIV ma’lumoti

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Hindiston tarafi kutilmagan texnik sabablar tufayli mazkur tadbirni keyingi muddatlarga qoldirishni taklif qiladi va Markaziy Osiyo mamlakatlari bu taklifni qabul qiladi. Uchrashuvda Yevrosiyoda terrorizmga qarshi kurashning samarali mexanizmlari va inklyuziv aloqa yo‘laklari muhokama qilinishi kerak edi.

Uchrashuvning muhokama mavzulari

Shuningdek, uchrashuvda vazirlar “Shimol-Janub” xalqaro transport yo‘lagi va Chobahor porti haqida ham muzokaralar olib borishi mumkin. Chunki, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekiston shu yo‘laklar orqali Hindistonga yuk jo‘natmoqchi. Hindiston va Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspertlarning fikricha, Hindiston mintaqa bilan mudofaa aloqalarini kengaytirishga intiladi.

Kelajak xavotiri

Bundan tashqari, Hindistonning Markaziy Osiyo hamda Rossiyada Af-Pak (Afg‘oniston va Pokiston) mintaqasida bo‘lgan ekstremistik tarmoqlarning kengayayotgani bo‘yicha xavotirlari kuchaymoqda. Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston so‘nggi bir necha oy ichida terrorchilarning yacheykalarini yo‘q qilgan. Iyul oyida Ostonada bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti yakunida e’lon qilingan qo‘shma deklaratsiyada terrorizm va transchegaraviy terrorizm bilan bog‘liq umumiy xavotirlar ta’kidlab o‘tilgan va bog‘lanish yo‘laklariga (Xitoy, Pokiston iqtisodiy yo‘lagini nazarda tutgan holda) ishora qilib, hududiy yaxlitlik haqida so‘z yuritilgan.

Avvalroq, Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisidaning Markaziy Osiyo davlatlari va Mo‘g‘ulistonga rejalashtirilgan tashrifi ham qoldirilgan edi. O‘shanda mamlakatda sodir bo‘lgan zilzila tashrifning bekor qilinishiga sabab sifatida ko‘rsatilgan.