Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +22° kechasi +9°

Talabalarning kontraktlarini to‘lovchi yaqin qarindoshlariga soliq imtiyozi berilishi mumkin

Loyiha bilan talabalarning kontraktlarini to‘laydigan aka-ukalar, opa-singillarga ham soliq imtiyozini berish taklif etilmoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

Talabalarning kontraktlarini to‘lovchi yaqin qarindoshlariga soliq imtiyozi berilishi mumkin

Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Soliq kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi qonunchilik taklifi ko‘rib chiqilib, qabul qilindi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.

Ombudsman taklifi

Mazkur taklif Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan bildirilgan hamda Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi o‘z xulosasini ishlab chiqqan.

Qayd etilishicha, taklif aholidan kelayotgan murojaatlar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, fuqarolarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ta’lim olish huquqlarini ta’minlashga qaratilgan.

Aka-ukalar, opa-singillarga soliq imtiyozi berilishi mumkin

Loyiha bilan talabalarning kontraktlarini to‘laydigan aka-ukalar, opa-singillarga ham soliq imtiyozini berish taklif etilmoqda.

Davlat budjetining daromadlar qismining kamayishi hisobga olinib, Vazirlar Mahkamasiga qonun loyihasini o‘rganib chiqish hamda ma’qul deb topilgan taqdirda qonun loyihasini tayyorlash va Qonunchilik palatasiga kiritish belgilangan.

Kontrakti uchun to‘langan mablag‘lardan daromad solig‘i ushlanmaydigan toifalar

Soliq kodeksining 378-moddasi 16-bandiga binoan, O‘zbekistonning professional va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish (o‘zining yoki 26 yoshga to‘lmagan farzandlarining yoxud erining (xotinining) ta’lim olishi) uchun yo‘naltiriladigan soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlariga soliq solinmaydi.

 Quyidagi 3 toifaning kontrakti uchun to‘langan mablag‘lardan daromad solig‘i ushlanmaydi:

- fuqaro o‘zining kontraktiga o‘tkazsa;

- ota-onalar 26 yoshga to‘lmagan farzandining kontraktiga o‘tkazsa;

- er yoki xotin 26 yoshga to‘lmagan turmush o‘rtog‘ining kontraktiga o‘tkazsa.

Bu imtiyoz qaysi ta’lim muassasalariga qo‘llanadi:

professional ta’lim (kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar) o‘quvchilariga;

oliy ta’lim talabalariga.

Soliq chegirmasi qachon taqdim etiladi?

Soliq chegirmasi to‘lov quyidagilar hisobidan amalga oshirilganda taqdim etiladi:

- o‘z mablag‘lari;

- jismoniy shaxsga tijorat banklari tomonidan berilgan ta’lim kreditlari;

- yuridik shaxslar tomonidan jismoniy shaxslarga qaytarish sharti bilan berilgan mablag‘lari (ssudalar).

To‘lov ish haqidan emas, mustaqil amalga oshirilganda yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirgan holda soliq chegirmasidan foydalanish mumkin.