Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillariga yangi imkoniyatlar yaratilmoqda
Ularga jamoat transportidan bepul foydalanish, pasport almashtirishda davlat bojidan ozod etish hamda soliq imtiyozlari berilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Senat 15-avgust kuni “Ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi.
Mazkur hujjat bilan ayrim qonunlarga Ijtimoiy himoya milliy agentligi zimmasiga dafn etish uchun nafaqani berish vazifasini yuklash, uning xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlarini belgilash, shuningdek fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga va maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod etish bilan bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Keksalarga qaragani uchun ish staji
Bundan tashqari, qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanishi uchun davolash muassasasining xulosasi talab etilmaydi.
Shahar transportlaridan bepul foydalanish huquqi
Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga shahar yo‘lovchi transportidan bepul foydalanish huquqi berilmoqda.
Davlat bojidan ozod
Qonun bilan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar yo‘qolgan yoxud yaroqsiz holga kelgan O‘zbekiston fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasi yoki biometrik pasportini almashtirishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinmoqda.
Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga homiylik qilish uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kiritilishi belgilanmoqda.
Qonunning foydasi bormi?
Senat matbuot xizmatining qayd etilishicha, mazkur qonun ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamlarining manzilli va samarali ijtimoiy himoya qilinishini kuchaytirish, shuningdek ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda ularning sifatini oshirishga xizmat qiladi.



