$
 12681.79
-18.31
 14023.52
-91.37
 140.11
-1.14
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston Ichki ishlar boshqarmasida yana qiynoq hollari ko‘paymoqdami?

IIB

Toshkent viloyati IIB xodimlari tomonidan tirik holda olib ketilgan fuqaroning murdasi oilasiga qaytarilgan. Marhumning oila a'zolari voqeada IIB xodimlarining qo‘lib bor deya gumon qilmoqda. Har yili ijtimoiy tarmoqda shu va shu kabi ko‘plab sirli o‘limlarga guvoh bo‘lamiz. Ularning aksari tibbiy tekshiruvlardan so‘ng amalda aytilgandan o‘zgacha holda sodir bo‘lgani ma’lum bo‘lmoqda. Bu haqda ko‘pincha O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tgan sanoqli inson huquqlari tashkilotlaridan biri - "Ezgulik" jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov sahifasidan xabardor bo‘lamiz. Bugun navbatdagi sirli o‘lim holati OAV nigohida bo‘lib turibdi. 

Hodisa qanday sodir bo‘lgan?

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi 31 yoshli fuqaro IIB xodimlari tomonidan dastlab Bo‘ka tumaniga, undan Bekobodga olib ketilgan. Ko‘p o‘tmay esa uning vafot etgani ma’lum bo‘lgan. Marhumning yaqinlari u IIB xodimlarining kaltaklashi oqibatida vafot etganini aytmoqda. Viloyat IIB axborot xizmati esa mast fuqaroning mashinadan sakrab tushishi uning bosh miya suyagi sinishiga va tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay, vafot etishiga sabab bo‘lgan. Otaning bildirishiga ko‘ra, o‘g‘li IIB xodimlari tomonidan dastlab “VAZ 2107” avtomobilida Oqqo‘rg‘on tuman IIBga, undan shifoxonaga olib ketilgan. So‘ng Bo‘ka tumaniga ketilgan. Biz ertasi kuni Bo‘ka tumaniga bordik. U yerga borsak, o‘g‘limni Bekobod tumanidagi shifoxonaga o‘lik holda olib ketishgan ekan. O‘g‘limning yuzlari shishib, boshi yorilgan bo‘lgan, deydi marhumning otasi. 

IIBB munosabati

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmatining “Daryo” nashriga ma’lum qilishicha, joriy yilning 26-iyul kuni soat 01:30 larda Oqqo‘rg‘on tumani “Qo‘shtepa” mahallasi hududida o‘zaro janjallashayotgan to‘rt nafar fuqaroni shu hududda tungi xizmatga jalb qilingan IIO xodimlari tinchlantirishga harakat qilgan. Shu vaqtda ulardan biri 1993-yilda tug‘ilgan T.M. (mastlik holatida bo‘lgan) xodimlarning qonuniy talablarini bajarmasdan, baqir-chaqir qilib, janjalni davom ettirgan. Shundan so‘ng holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqaro T.M. Oqqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasiga olib borilgan va ekspertizadan o‘tkazilgan. Fuqaroda mastlik holati tasdiqlangach, uni tibbiyot hushyorxonasiga joylashtirish maqsadida xizmat avtomashinasida olib ketilayotgan vaqtda, fuqaro mashinaning orqa eshigini birdan ochib, harakatlanayotgan transport vositasidan tashqariga sakragan. Oqibatda tan jarohatlari olgan, deydi Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati rahbari. 

Ko‘rsatilgan tibbiy yordamlar samara bermagan

Shuningdek, aniqlanishicha, jarohat olgan fuqaroga xodimlar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, u Bo‘ka tumani tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. "Oradan vaqt o‘tib ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, fuqaro shifoxonada vafot etdi. Hozirda holat prokuratura organlari tomonidan o‘rganilmoqda", deydi mas’ul. Viloyat IIBB axborot xizmati mas’uli fuqaroning IIB xodimlari tomonidan urib o‘ldirilganini inkor etib, “Ijtimoiy tarmoq faollari va OAV vakillaridan axborotni (fuqaro IIO xodimlari tomonidan kaltaklab o‘ldirildi mazmunida) noto‘g‘ri talqin qilmasliklarini so‘ragan.

Xavotir va gumonlarga asos yetarli

Umuman olganda, marhumning va OAV vakillarining xavotiri o‘rinli. Mamlakatda bu kabi vaziyatlar ko‘p bora sodir bo‘lgan. Masalan, matbuotda shov-shuvlarga sabab bo‘lgan xabarlarning o‘zidan bu kabi hollar 2022-yilda kamida uchta bo‘lganini ko‘rish mumkin. Bular:

2022-yil, yanvar - I.T. (ismi va yoshi noma’lum) G‘ijduvon tumani, Buxoro viloyati;

2022-yil, fevral - Yusuf Sultonov, 37 yosh, Mirishkor tumani, Qashqadaryo viloyati;

2022-yil oktyabr - Ravshanbek Abdusattorov, 15 yosh, Qo‘qon shahri, Farg‘ona viloyati;

O‘tgan yilda ham qiynoqlar natijasida Ichki ishlar binosida o‘lgani gumonlanuvchilarga yetarlicha misollar mavjud. Bular:

2023-yil, iyun - Hafizulloh Turg‘unboyev, 21 yosh, Chilonzor tumani, Toshkent shahri;

2023-yil, iyun - Usmon Salimboyev, 36 yosh, Bo‘ka tumani, Toshkent viloyati;

2023-yil, avgust - D. U. (ismi noma’lum) 33 yosh, Toshkent shahri;

 “Ommaviy gunoh”

Avvalroq jurnalist Shokir Sharipov o‘z sahifasida mavzuga doir barchani hushyorlikka chorlovchi post qoldirgan edi. Unda bir voqea quyidagicha eslanadi: 2000-yil edi. Denov shahri. Bir tanishim "drujinnik" bo‘lib ishlardi ("posbon" edi o‘zbekchasi shekilli). Va Denov tumani IIB binosiga kirib-chiqib yurardi. Bir kuni u "mazza qildim - milisaxonadagi obezyannikka tiqilgan bolani rosa urib oldim" dedi. Men uni eshitib og‘zim ochilib qoldi - demak obezyannikdagilarni urib maza qilish odatiy hol ekan. Sadistlar hamma joyda bor. Va ularning bir umumiy xususiyati bor - sadistlik qilib huzurlanish imkoniyatini axtarish. Bunday joylar: 

- jinnixonalar,

- bolalar bog‘chalari va bolalar shifoxonalari (o‘zim bevosita guvoh bo‘lganman bolaligimda), 

- milisaxonalar,

va boshqa - ojizlar (jinnilar, yosh bolalar, milisaga tushganlar - ojiz toifa) ustidan JAMOATCHILIK KO‘ZIDAN PANADA sadistlik qilish imkoniyatini beruvchi joylarga ishga kirishga urinadi. Jamoatchilik nazorati institutlari ishlaydigan jamiyatlarda turli sadistlar uchun imkoniyatlar eshiklari torayadi, ammo bizga o‘xshagan jamiyatlarda bu eshiklar keng bo‘ladi.

Теги :
Жамият