Kredit ajratish boʻyicha arizalarni oʻz vaqtida koʻrib chiqmagan 10 nafar hokim yordamchisi javobgarlikka tortildi
Biznes-ombudsman devoni tomonidan tadbirkorlar murojaatlarining o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi tahlil qilinganda ayrim mansabdorlar tomonidan muddatlar buzilayotgani aniqlandi.
1 daqiqa o‘qiladi

Ular murojaatlarni oʻz vaqtida koʻrib chiqib, tavsiya yoki rad xulosasini 5 kun ichida kiritishi shart.
5 kun ichida koʻrib chiqish shart
Xususan, Vazirlar Mahkamasining 373-son qaroriga ko‘ra, hokim yordamchisi tadbirkorning kredit olish bo‘yicha arizasini ko‘rib chiqib, uning faoliyati va imkoniyatlarini o‘rganishi, fotohisobot va joylashuv xaritasini ilova qilgan holda 5 kun ichida Yagona elektron platformaga tavsiya yoki rad xulosasini kiritishi shart.
Biroq, ba’zi hokim yordamchilari tomonidan mazkur talab o‘z vaqtida bajarilmagani sababli ayrim tadbirkorlarning murojaatlari o‘z muddatlarida ko‘rib chiqilmadi.
Masʼuliyatsiz hokim yordamchilari
Jumladan, Namangan viloyatidagi 10 nafar hokim yordamchilari tomonidan 80 dan ortiq ana shunday qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Misol uchun, Uchqo‘rg‘on tumanida faoliyat yurituvchi “Kelajak-M” MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) rahbarining kredit ajratish haqida Yagona elektron platforma orqali yo‘llagan arizasi belgilangan muddat 31 kunga buzilgan holda ko‘rib chiqilgan.
Mazkur holatlar sabab mansabdorlarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli choralar ko‘rildi.



