“Hisorak” suv ombori haqida yolg‘on xabar tarqatgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Ushbu fuqarolarga 68 million so‘mdan 102 million so‘mgacha jarima yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan cheklash tarzidagi jazo qo‘llanilishi mumkin.
2 daqiqa o‘qiladi

IIB internetda ba’zi fuqarolar mazkur holat haqida yolg‘on axborot tarqatib, odamlarning tinchini buzib, fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lganini yozdi.
Holat bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi
Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda “Hisorak” suv omboridan suv sizib chiqish holati haqida yolg‘on xabarlar tarqatgan fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
10-iyun kuni Shahrisabz tumanida joylashgan “Hisorak” suv omboridagi texnik tadbirlar vaqtida to‘g‘ondan suv sizib chiqqandi. Ijtimoiy tarmoqlarning ba'zi foydalanuvchilari esa to‘g‘onning buzilgani haqida yozishni va odamlarni vahimaga qo‘yishni boshladilar. Vaholanki, hodisa oqibatida hech kim jarohat olmagan, suv omboriga ham shikast yetmagan.
Mas’ullarning munosabati
Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev “Hisorak” suv omborida hech qanday favqulodda holat yuz bermaganini ma’lum qilgan. U aholini vahima qilmaslikka chaqirib, ishlar oldindan rejalashtirilgan tizimda davom etayotganini bildirgan.
11-iyunga o‘tar kechasi Shahrisabz hokimi Samad Hasanov suv ombori haqida tarqalgan xabarlar yolg‘on ekanini aytib, aholini hotirjamlikka chaqirgan.
Fuqarolarning huquqlariga zarar yetkazilgan
IIBning yozishicha, internetda ba’zi fuqarolar mazkur holat haqida yolg‘on axborot tarqatib, odamlarning tinchini buzib, fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.
200 dan 300 baravarigacha jarima yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan cheklash
Holat yuzasidan Shahrisabz tumanida yashovchi D.U, N.A. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 244⁶-moddasi 3-qismi “b” bandi (Ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda yolg‘on axborot tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tegishli moddada 200 dan 300 baravarigacha (68 million so‘mdan 102 million so‘mgacha) jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash tarzidagi jazo nazarda tutilgan.



