Shanba, 17-oktabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +14° kechasi +10°

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda vazirlik rahbari Hilola Umarova xalq oldida hisobdor emasmi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova lavozimga tasdiqlanganidan buyon Qonunchilik palatasiga hisobotga kelmaganini ma’lum qildi.

2 daqiqa o‘qiladi

Hilola Umarova va Alisher Qodirov

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov o‘zining Telegram’dagi sahifasi orqali Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi faoliyatiga munosabat bildirib, vazirlik rahbarini tanqid qildi. 

Mablag‘ ajratilmoqda, ammo vaziyat o‘zgarmayapti

Qodirovning yozishicha, u rahbarlik qiluvchi “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi hukumatning davlat dasturi ijrosi bo‘yicha yarim yillik hisobotini tinglab, an’anaviy tarzda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi faoliyatiga e’tibor qaratadi. Partiya tarbiya va ta’lim - islohotlarning eng ustuvor masalasi sifatida qabul qilinib, keragicha mablag‘ ajratilayotgan bo‘lsada, vazirlik yetarli ishlar qilmayapti deb hisoblaydi, sababi bog‘cha va maktab o‘zgarmayapti. Bu o‘rinda Qodirovning “keragicha” degan o‘lchovi aynan qaysi mezonga ko‘ra aytilayotgani noma’lum. 

“Tarbiyani hal qiluvchi bosqichi kimlarning qo‘lida?”

Qodirov mas’ullar tarbiya va ta’limda natija ko‘rinishi uchun vaqt kerakligini aytishganini, ammo vaqti kelib natija ko‘rinishi uchun bugun tizimli ishlar bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. “Masalan, bog‘chada 126 ming tarbiyachini 48 ming nafari oliy ma’lumotga ega, xolos. Tarbiyani hal qiluvchi bosqichi kimlarning qo‘lida? 20-yil ishlab, malaka topmagan, yoki, qo‘lida diplomi bilan sohada adashib yurganini juda yaxshi biladigan, boshqa ish chiqquncha bog‘cha yoki maktabda kun sanab yurganlarni malakasini oshirish uchun pul sarf qilishda ma’no bormi?”, — deb yozadi Qonunchilik palatasi spikeri.

Picture background

Hilola Umarova haqida

Qodirovning ta’biricha, tarbiyachi ham, o‘qituvchi ham ish o‘rnini yo‘qotmaslik uchun o‘z ustida tinimsiz ishlashi, ish beruvchi oldida malakasini tasdiqlashi kerak. Bu xarajatlarni kamaytirib, maoshlarni jozibali qilish uchun qo‘shimcha manba yaratadi, hamda tarbiyachi va o‘qituvchilarni raqobatbardosh qiladi, tarbiya va ta’lim sifatini oshiradi. “Balki deputatlar joylarda ko‘zi bilan ko‘rayotganlari xatodir? Vazirlik ajoyib ishlarni qilayotgandir? Buni xalq vakillariga kim izohlaydi?”, deya savollar beradi deputat. Alisher Qodirov Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning Qonunchilik palatasiga hali umuman hisobot bermaganini ham ta’kidladi. “Vazir Umarova (Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova) Qonunchilik palatasiga, tasdiqlanib ketganidan keyin biron marta ham hisobotga kelmadi. Davlat rahbari aytganidek: Parlamentga munosabat xalqqa munosabatni ko‘rsatadi… Tarbiya va ta’limda statistika bilan o‘zimizni aldamasligimiz kerak, bu kelajakka xiyonatdan boshqa narsa emas!”, — deb yozadi Qodirov.