$
 11913.35
14.26
€
 13328.66
30.24
₽
 142.39
0.86
weather
+26
Кечаси   +14°

Hijob erkin ta’limga to‘sqinlik qilishi kerakmi? Ozarbayjondagi cheklovlar noroziliklarga sabab bo'ldi

hijob

Ozarbayjonda maktab formasiga oid yangi qoidalar hijob o‘ragan o‘quvchilar va o‘qituvchilarning darslarga kiritilmagani haqidagi xabarlardan so‘ng noroziliklarga sabab bo‘ldi. Ayrim o‘quvchilar darslarni boykot qildi, ota-onalar esa farzandlarining ta’lim olish huquqini talab qilmoqda. Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligi 37 kishi hibsga olinganini ma’lum qildi.

Mojaro faqat Ozarbayjon bilan cheklanib qolmadi. Turkiyada ham bunga qarshi fikrlar bildirildi, xalqaro ommaviy axborot vositalari voqealarni yoritdi. Shu bilan birga, boshqa turkiy davlatlardagi maktab kiyimiga oid qoidalar ham qayta muhokama qilina boshladi.

Asosiy savol esa ochiq qolmoqda: davlat maktablarida yagona forma talabini ta’minlash uchun o‘quvchining diniy e’tiqodini ifodalovchi kiyimga cheklov qo‘yish qanchalik asosli?

Noroziliklar nimadan boshlandi?

2026-yil 21-sentyabrda Ozarbayjon hukumati davlat maktablaridagi yagona kiyim formasiga oid qoidalarni tasdiqladi. Hujjatda hijob bevosita taqiqlanmagan bo‘lsa-da, ayrim maktablar diniy ro‘mol o‘ragan qizlarni darslarga kiritmadi.

Mahalliy va xalqaro OAV xabarlariga ko‘ra, Bokudagi ayrim maktablarda o‘quvchilar hijobli tengdoshlarini qo‘llab-quvvatlab, darslarni boykot qilgan. Ro‘mol o‘ragan ayrim o‘qituvchilarning ham maktabga kiritilmagani haqida xabarlar tarqaldi.

Al Jazeera nashri 23 yillik tajribaga ega ingliz tili o‘qituvchisi Gulshan Aliyeva bilan suhbatlashdi. Uning aytishicha, hijobda maktabga kelganida binoga kiritilmagan. Qizi ham maktabga kira olmagan. Bu holat muammoning ikki tomonini ko‘rsatadi: o‘qituvchi kasbiy faoliyatini davom ettirishda, o‘quvchi esa ta’lim olishda to‘siqqa duch kelgan.

Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligi 12-oktyabr kuni 37 kishi hibsga olinganini ma’lum qildi. Rasmiylar hodisalarni jamoat tartibini buzish bilan izohladi.

Ozarbayjon Konstitutsiyasining 18-moddasida davlat ta’limining dunyoviy xususiyati belgilangan. 48-modda esa vijdon erkinligini kafolatlaydi. Mojaro aynan shu ikki tamoyilning amalda qanday muvozanatlashtirilishi kerakligi haqidagi savolni kun tartibiga olib chiqdi.

Turkiya va xalqaro hamjamiyatning munosabati

Ozarbayjondagi vaziyat Turkiyada ham keskin munosabatlarga sabab bo‘ldi. Istanbulda Ozarbayjon konsulligi oldida hijobga qo‘yilgan cheklovlarga qarshi namoyish o‘tkazilgani haqida xabarlar tarqaldi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning maslahatchisi Oktay Saral Ozarbayjondagi qarorni tanqid qildi. U hijob o‘ragani uchun o‘quvchini maktab eshigi oldida qoldirishni qabul qilib bo‘lmaydigan holat sifatida baholadi. Ozarbayjon hukumati maktab formasiga oid qaror tenglik, dunyoviylik va qonun ustuvorligiga asoslanganini bildirdi hamda Turkiyani mamlakat ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirdi.

Huquq himoyachilari esa masalaning boshqa jihatiga e’tibor qaratmoqda. AQShdagi Amerika-Islom aloqalari kengashi (CAIR) Ozarbayjon hukumatini hijobga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishga chaqirdi. Ozarbayjondagi ayrim huquq faollari ham yangi qoidalarning Konstitutsiyaga muvofiqligini shubha ostiga oldi.

Boshqa turkiy davlatlarda vaziyat qanday?

Turkiy davlatlarda maktabning hijobga munosabati bir xil emas.

Turkiyada davlat ta’lim muassasalarida hijobga oid eski cheklovlar bosqichma-bosqich bekor qilingan. 2013-yilda davlat xizmatchilarining kiyinish qoidalaridagi hijobga oid cheklovlar yumshatildi. Keyingi islohotlar maktablarda ham hijob kiyish imkoniyatini kengaytirdi.

Qozog‘istonda esa davlat maktablarida yagona forma talabi amal qiladi. Rasmiy qoidalarga ko‘ra, maktab formasida diniy mansublikni bildiruvchi elementlarga ruxsat berilmaydi. Biroq bu siyosatning qo‘llanishi bo‘yicha huquqiy nizolar yuzaga kelgan. BMT hujjatida qayd etilishicha, 2024-yilda Qozog‘istonning Qarag‘anda, Pavlodar va Turkiston viloyatlaridagi sudlar hijobli qizlarni darsga kiritmaslik bo‘yicha maktab qarorlarini noqonuniy deb topgan.

Qirg‘iziston maktablarida hijobga nisbatan rasmiy taqiq yo‘q. Shu bilan birga, yuzni to‘liq yopuvchi kiyimlarga alohida cheklovlar mavjud.

Turkmanistonda milliy kiyim va davlat tomonidan belgilangan tashqi ko‘rinish talablariga katta e’tibor beriladi. Biroq maktablarda hijobga oid qoidalarning amalda qo‘llanishi haqida mustaqil va ochiq ma’lumotlar cheklangan.

O‘zbekistonda davlat umumta’lim maktablarida yagona forma talabi mavjud. Diniy mansublikni ifodalovchi kiyim elementlariga cheklov qo‘yilgan, biroq rasmiy tushuntirishlarda oq yoki och rangli, ensadan bog‘lanadigan milliy ro‘mol va do‘ppi kiyishga ruxsat berilishi qayd etilgan.

Cheklovlar ta’limga qanday ta’sir qiladi?

Bunday cheklovlarning oqibatlarini tushunish uchun real sud ishlariga qarash mumkin.

Turkiya Konstitutsiyaviy sudi 2018-yilda Sara Akgülning ishini ko‘rib chiqdi. U Bo‘g‘ozichi universitetida tahsil olgan va hijob sabab universitetga kirishda to‘siqlarga duch kelganini bildirgan. Keyinchalik talaba universitetdan chetlatilgan. Sud uning ishida diniy erkinlik va ta’lim olish huquqi buzilganini aniqladi. Bu qaror kiyimga oid cheklovlar faqat ichki tartib masalasi emas, balki insonning ta’lim olish imkoniyatiga bevosita ta’sir qilishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Fransiyada esa 2004-yilda davlat maktablarida diniy mansublikni yaqqol ifodalovchi belgilar va kiyimlarni cheklovchi qonun qabul qilindi. Bu qonun hijob, yahudiylarning kippasi va katta xoch kabi belgilarni qamrab oladi. Ayrim o‘quvchilar hijobini yechishdan bosh tortgani uchun maktabdan chetlatilgan va bunday holatlar sudlarda ko‘rib chiqilgan.

2022-yil 13-sentyabr kuni 22 yoshli talaba qiz Mahsa Amini Tehron shahrida Eron “Axloq politsiyasi” tomonidan hibsga olindi. Bunga uning hijobni davlat belgilagan qoidalarga mos ravishda o‘ramagani sabab qilib ko‘rsatilgan. Guvohlarning so‘zlariga va ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Amini politsiya mashinasida va ushlab turish markazida shafqatsizlarcha kaltaklangan. U koma holatiga tushib, 16-sentyabr kuni Tehrondagi kasalxonada vafot etdi. Rasmiy hukumat esa uning o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lganini iddao qildi. Amini dafn etilgan Sagʻiz shahridan boshlangan norozilik namoyishlari tez orada Eronning deyarli barcha viloyatlariga tarqaldi. Dunyo bo‘ylab millionlab insonlar eronlik ayollarni qo‘llab-quvvatlab aksiyalar o‘tkazdi. BMT va Yevropa Ittifoqi Eron politsiyasining harakatlarini qoralab, qo‘shimcha sanksiyalar joriy etdi.

Ta’limga va erkinlikka oid qonunlar hamda yondashuvlar turlicha. Biroq har bir holatda cheklovning qonuniy asosi, mutanosibligi va ta’limga ta’sirini alohida baholash zarur.

Ozarbayjondagi voqealarda ham asosiy savol shunchaki hijobga ruxsat berish yoki bermaslik emas. Agar o‘quvchi kiyimi sabab darsga kiritilmasa, u o‘tilgan mavzularni o‘zlashtirish, nazorat ishlarida qatnashish va tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin. O‘qituvchilar uchun esa bunday cheklovlar ish joyiga kirish va kasbiy faoliyatni davom ettirish muammosini keltirib chiqaradi.

Asosiy masala – huquqlar muvozanati

Davlat maktabda yagona tartibni ta’minlashga haqli. Ammo qoidalar aniq bo‘lishi, qonuniy asosga ega bo‘lishi va o‘quvchilarning ta’lim olish huquqiga qanday ta’sir qilishi hisobga olinishi kerak.

Asosiy savol shuki: yagona maktab formasini ta’minlash uchun bolaning diniy e’tiqodini ifodalovchi kiyimni cheklash shartmi? Ozarbayjondagi voqealar bu savolga beriladigan javob nafaqat maktab kiyimiga, balki bolalarning ta’lim olish imkoniyati, o‘qituvchilarning mehnat huquqi va jamiyatdagi o‘zaro ishonchga ham ta’sir qilishini ko‘rsatmoqda.

Теги :
Jamiyat