$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Bolalarni profilaktik emlashga qanday tayyorlash kerak?

emlash

Yurtimizda Milliy profilaktik emlash kalendari joriy etilgan boʻlib, unga koʻra, bolalar 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi rejali emlanadi. Xoʻsh, bu jarayonga ular qanday tayyorlanadi? Bola vaksina olgach, nimalarga eʼtibor berish lozim?

13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi emlanish

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi boʻlim boshligʻi Dilorom Tursunova bolani emlash bilan bogʻliq bir qancha savollarga javob berdi.

"Vaksina olishga koʻrsatma yoki qarshi koʻrsatmalarni faqat shifokor aniqlaydi. U esa emlash masalasini hal qilish, aynan qaysi vaksinani olish, bolani bu jarayonga tayyorlash va undan keyingi kuzatuv boʻyicha ota-onalarga kerakli tavsiyalar beradi", - deydi u.

Qisqacha soʻrov oʻtkaziladi

Yaʼni, shifokor bolaning surunkali kasalliklari, avvalgi emlash preparatlariga reaksiyalari yoki asoratlari, dori vositalariga va oziq-ovqatlarga allergik reaksiyalari haqida qisqa soʻrov oʻtkazadi.

Shuningdek, suhbat davomida bola organizmining oʻziga xos xususiyatlari (chala tugʻilishi, tugʻilishda olgan jarohatlar, talvasa), yuqumli kasalliklar bilan ogʻrigan bemorlar bilan muloqotda boʻlgan yoki boʻlmaganligi hamda eng soʻnggi emlashdan keyin qancha vaqt oʻtgani aniqlanadi.

Agar bolada yuqumli kasallik boʻlsa muolaja vaqti kechiktiriladi

 Agar bola tana harorati koʻtarilishi bilan kechuvchi oʻtkir yuqumli kasalliklar (shamollash, angina, bronxit, gripp, zotiljam) bilan ogʻrigan boʻlsa, qoidaga muvofiq ushbu muolaja u sogʻaygunga qadar qoldiriladi. Shu bilan birga, bolaning allergik reaksiyasi boʻlsa, shifokor bilan avvaldan zarur qoʻshimcha choralar toʻgʻrisida maslahatlashiladi.

Emlashdan keyingi tavsiyalar

Vaksina olishga bir necha kun qolganda yoki emlashdan keyingi ilk kunlari bolaga yangi turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini berish mumkin emas. Agar kichkintoy koʻkrak suti bilan oziqlantirilsa, ona oʻz ratsioniga yangi yeguliklarni kiritmagani maʼqul.

Emlashdan keyin odatda shifokor yoki hamshira ota-onalarga emlash xonasidan uzoq boʻlmagan joyda 30 daqiqa kutib oʻtirishlarini tayinlaydi. Bu farzandni tinchlantirish hamda vaksinaga nisbatan reaksiyasi boʻlgan hollarda unga kerakli yordam koʻrsatish uchun zarur.

Sharbat mumkin emas

Shuningdek, mutaxassis zarur hollarda bolaga qancha dozada tana haroratini tushiruvchi vositalar berish mumkinligi va qanday belgilar kuzatilganda, shifokorga murojaat qilish kerakligi haqida maʼlumot beradi.

Emlashdan soʻng bolaga koʻproq suyuqlik ichirish lozim. Buning uchun gazlanmagan suv, achchiq boʻlmagan choy, moychechak damlamasi tavsiya etiladi. Biroq sharbatlar mumkin emas. Chunki bu ichimlik vaksinadan keyin organizmning qarshi kurashini kuchaytirib, unga koʻnikishini uzoqlashtiradi.

Vaksina olgach 3 kun odamlar koʻp joyga olib bormaslik kerak

Qolaversa, vaksina olgach, (odatda 3 kun) odamlar yigʻiladigan joylarga borish, koʻpchilik bilan muloqot qilish tavsiya etilmaydi. Ayniqsa, emlangandan soʻng bolani yoʻtal, aksa urish, ich ketishi kabi yuqumli kasallik belgilari boʻlgan odamlar bilan muloqotda boʻlishining oldini olish zarur.

Bolaga koʻproq vaqt ajratib, birgalikda oʻynash, emlashdan keyin uning taomlanishi va qorni toʻqligiga eʼtibor berish kerak.