Polshadagi o‘zbeklar haydovchilik guvohnomasi bo‘yicha ogohlantirilmoqda
O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtiradi degan noto‘g‘ri ma’lumot tarqalgan.
1 daqiqa o‘qiladi

Ma’lum bo‘lishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Polshada bo‘lib turgan hamda mehnat migratsiyasi bilan ushbu davlatga borishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklarni haydovchilik guvohnomasini olish borasida ogohlantirmoqda.
Polshadagi haydovchilar uchun Polsha guvohnomasi kerak bo‘ladi
Agentlikning xabariga ko‘ra, ayrim manbalarda “O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtiradi” degan noto‘g‘ri ma’lumot tarqalmoqda.
Qayd qilinishicha, 2024-yil 17-iyundan Polshada chet ellik haydovchilar uchun kuchga kirgan yangi qoidalarga ko‘ra, avtomobil vositasi, shu jumladan, taksini boshqarish uchun Polsha namunasidagi guvohnoma talab etiladi.
Guvohnoma haqiqiyligi polyak hokimiyati talabiga ko‘ra tasdiqlanadi
Ushbu guvohnoma munitsipal organlarining davlat xizmatlari markazida (Urząd) almashtiriladi.
“Shuningdek, elchixona faqat O‘zbekiston haydovchilik guvohnomasining haqiqiyligini polyak hokimiyatlari talabiga ko‘ra tasdiqlaydi”, – deyiladi O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi xabarida.
Tasdiqlovchi hujjat olish uchun quyidagilar talab etiladi:
elchixonaga ariza;
qonuniy yashayotganini tasdiqlovchi hujjat;
haydovchilik guvohnomasi;
pasport;
to‘lov kvitansiyasi (40$).



