$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

28-iyul Xalqaro gepatitga qarshi kurash kuni!

positive

 Xastalikni keltirib chiqaruvchi virus 1967-yil Nobel mukofoti laureati, amerikalik shifokor Samuel Barux tomonidan aniqlangan boʻlib, ushbu olimning tugʻilgan kuni sharafiga har yili dunyoda 28 iyul — Xalqaro gepatitga qarshi kurash kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu yil ushbu sana "Harakat qilish vaqti keldi" shiori ostida oʻtkazilyapti.

500 mln.dan ortiq gepatit tashuvchisi

 Bugun dunyoda 500 million nafardan ortiq inson gepatit virusi tashuvchisi hisoblanadi. Bu esa OIV va barcha turdagi saraton kasalliklariga chalingan umumiy bemorlar sonidan 12 baravar koʻp demakdir. Qolaversa, sayyoramizda har yili bir milliondan ortiq odam gepatit tufayli vafot etmoqda.

Bu, oʻz navbatida, chuqurlashtirilgan PZR tahlilarini olib borish, davolash va doimiy muloqotda boʻladigan sogʻlom shaxslarni skrining tekshiruvlaridan oʻtkazishni taqozo etadi. Shu bois yurtimizda mazkur yoʻnalishda bir qator ishlar amalga oshirilyapti.

Bepul tarqatilayotgan dorilar

Prezidentimizning 2022-yil 16-maydagi “Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi sa'y-harakatlarni yanada jadallashtirishga xizmat qildi.

 Jumladan, mazkur hujjatda virusli gepatitning B va C turlarini erta aniqlash uchun yurtimizning barcha hududlarida skrining tekshiruvlarini oʻtkazish va kasallikni davolash qamrovini oshirish borasida qator muhim vazifalar belgilangan.

 Shundan kelib chiqqan holda mamlakatimizdagi 65 dan ziyod oilaviy va koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda kasallikni aniqlash uchun bepul skrining tadbirlari tashkil etilmoqda. Hozir gepatit C tasdiqlangan bemorlarga Misr Arab Respublikasi tomonidan begʻaraz yordam sifatida yuborilgan "Daklatasvir" va "Sofosbuvir" dori vositalari bepul tarqatilmoqda.

Oʻzbekistondagi gepatit xastaligini davolashga ixtisoslashgan bosh muassasa

 Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mamlakatimizda gepatit xastaligini davolashga ixtisoslashgan bosh muassasa hisoblanib, shifoxona barcha zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan.


Bu yerda 7 ta davolash, 1 tadan dializ, xavfli kasalliklarni muolaja qilish hamda jonlashtirish boʻlimlari mavjud. Markaz qoshida 250 nafar qatnovga moʻljallangan maslahat poliklinikasi faoliyat yuritib, barcha yuqumli kasalliklar bilan murojaat qilgan bemorlarga yuqori malakali tibbiy xizmat koʻrsatiladi.

Antibiotiklarga mikroorganizmlarning chidamliligini oʻrganish markazi

 Bundan tashqari, markazda tashkil etilgan mobil klinika orqali mamlakatimiz hududlarida yuqumli xastaliklarga chalingan va gumon qilingan bemorlar muntazam ravishda tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi. Shifo maskanida, shuningdek yuqori molekulyar-genetik usullar yordamida viruslarni aniqlashga moʻljallangan zamonaviy laboratoriya, 2 ta Milliy kolleksiya va ilmiy izlanishlar olib boruvchi 4 ta laboratoriya mavjud.

Shuningdek, joriy yil muassasa qoshida antibiotiklarga mikroorganizmlarning chidamliligini oʻrganish markazi faoliyat boshladi. Natijada antibakterial vositalarni palapartish ishlatish va mikroorganizmlar turgʻunligi rivojlanishining oldini olish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish imkoniyati yaratildi.


Теги :
Jamiyat