Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 85 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +23° kechasi +9°

Gender tengligini huquqiy tartibga solishda nimalarga e’tibor qaratish kerak?

Keyingi vaqtlarda gender tengligini ta’minlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Mutaxassis fikricha, bu yo‘lda muvaffaqiyatga erishish uchun nafaqat muhim qoidalarni, balki opponentlarning qarashlarini ham inobatga olish kerak bo‘ladi.

3 daqiqa o‘qiladi

Gender tengligini huquqiy tartibga solishda nimalarga e’tibor qaratish kerak?

Gender tengligi erkaklar va ayollar uchun teng huquq, imkoniyat va majburiyatlarni ta’minlashni anglatadi. Bu tushuncha erkaklar va ayollar o‘rtasida nafaqat qonuniy tenglikni, balki ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy jihatlarda ham teng imkoniyatlarni yaratishni maqsad qiladi. Gender tengligi har bir insonning, jinsidan qat’i nazar, o‘z potensialini to‘liq amalga oshirishi uchun sharoit yaratishga intiladi, feminizm esa bu tenglikka erishish uchun asosan ayollarning huquqlarini himoya qilishga e’tibor qaratadi.

Jahon hamjamiyatining bu boradagi sa’y-harakatlari

So‘nggi o‘n yilliklarda jahon hamjamiyati xotin-qizlarning mavqeini himoya qilish va yaxshilashga qaratilgan huquqiy asoslarni yaratish va mustahkamlash bo‘yicha katta sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. Ayollar huquqlarini xalqaro tartibga solish borasida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1979-yilda Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya (CEDAW) qabul qilingan bo‘lib, ushbu Konvensiya erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tenglikni ajralmas huquq sifatida tan oladi va ishtirokchi-davlatlarni ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish choralarini ko‘rish majburiyatini olishini ta’minlaydi.

Huquqshunos nima deydi?

Gender tengligi masalasi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyo miqyosida dolzarb mavzulardan biridir. Bu masalada muvaffaqiyatga erishish uchun gender tengligi opponentlarining qarashlarini ham o‘rganish muhimdir.

Huquqshunos, yuridik fanlari doktori Nilufar Rahmonqulovaning fikricha, gender tengligini huquqiy tartibga solishda quyidagi jihatlar inobatga olinishi kerak:

Ijtimoiy ziddiyatlar

Tenglikni ta’minlash jarayonida an’anaviy gender rollarining o‘zgarishi ba’zi guruhlar o‘rtasida ziddiyatlarga olib kelishi mumkin. Bu, ayniqsa, an’anaviy qadriyatlarni saqlamoqchi bo‘lganlar orasida keskinlikni kuchaytiradi. Shuningdek, ayollarga beriladigan imtiyozlar erkaklar imkoniyatlarini cheklash ehtimoli ham mavjud. Gender tengligi muammolari, ba’zida, ayollarning muvaffaqiyatlari uchun “ko‘maklashish” yoki “imtiyoz” kabi salbiy stereotiplarning paydo bo‘lishiga olib kelishi ham bor gap. Bundan tashqari, gender tengligi haqidagi ijtimoiy kutilmalar ayollardan yuqori natijalarni talab qilishi, ularning psixik salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ijtimoiy adolat

Jamiyatda gender tenglikni ta’minlash ijtimoiy adolatni kuchaytirish uchun muhimdir. Huquqshunosning ta’kidlashicha, ta’lim va ish imkoniyatlarini kengaytirish, ayollarning iqtisodiy faolligini oshirishga olib keladi. Bilimli jamiyat esa ijtimoiy adolat uchun asosiy shartlardan biridir.

Gender masalasi iqtisodiyotga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Gender tengligi iqtisodiy o‘sishga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ayollarning iqtisodiy faolligi, tadbirkorlik va yangi biznes modellari yaratishda ishtiroki umumiy ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi. Shu bilan birga, turli jinslardan tashkil topgan jamoalarda qarorlar ko‘pincha innovatsion va samarali bo‘ladi.

Fiziologik va madaniy qoidalarni inobatga olish

Mazkur sohalardagi qonunchilikni takomillashtirish, shuningdek, xorijiy davlatlarning ijobiy tajribasini hisobga olgan holda, oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni himoya qilish, oldini olish va ularga yordam ko‘rsatish sohasida samarali davlat siyosati chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish qonun hujjatlariga rioya etilishi va himoya qilinishini ta’minlaydi. Biroq, har bir mamlakatda bu sohada o‘z qonunchiligi mavjud va u o‘ziga xos mazmun va madaniyatga qarab farq qilishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, gender tengligini samarali huquqiy tartibga solinishini ta’minlashda ayol va erkakning fiziologik jihatlari, davlatda mavjud ma’daniy qoidalarni inobatga olish lozimdir.