Energetika vazirligi: Talon-toroj qilingan gaz 266 ming xonadon yoki metan zapravkalarini 10 kun ta’minlashga yetar edi
2024-yil dekabridan 2025-yil fevraligacha bo‘lgan davrda 133 million kub metr noqonuniy gaz ishlatilgan.
3 daqiqa o‘qiladi

Har yili qish kelishi bilan gaz yetishmovchiligi muammosi dolzarb masalaga aylanadi. Aholi va tadbirkorlar isitish tizimlari, ishlab chiqarish jarayonlari, transport yoqilg‘isi uchun gaz yetarli emasligidan shikoyat qiladi. Shu bilan birga, mutasaddilar resurslarning cheklanganligi va tejamkorlik zarurligini bot-bot eslatib keladi.
266 ming xonadonni taminlash mumkin bo‘lgan gaz
Energetika vazirligi e’lon qilgan raqamlar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2024-yil dekabridan 2025-yil fevraligacha bo‘lgan davrda 133 million kub metr gaz noqonuniy ishlatilgan. Bu hajm bilan 266 ming xonadonni bir oy davomida ta’minlash yoki metan zapravkalarining 10 kunlik ehtiyojini qoplash mumkin edi, deyiladi vazirlikning rasmiy xabarida.
Noqonuniy gaz ishlatilishining ko‘lami
“O‘zenergoinspeksiya” va “Hududgazta’minot” tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida aniqlanishicha:
• 167 ta noqonuniy gaz ulanish holati fosh etilgan, natijada 210 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan;
• 6472 ta noqonuniy gaz ishlatish holati qayd etilgan, umumiy 117 milliard so‘mlik zarar hisoblangan;
• 4942 ta gaz balloni noqonuniy sotilgan, bu esa 36 ming kub metr gaz degani.
Bunday noqonuniy ulanishlarning aksariyati yirik ishlab chiqarish obyektlari, issiqxonalar va ba’zi tadbirkorlik subyektlariga tegishli bo‘lishi mumkin. Bu esa gaz taqchilligidan eng ko‘p aziyat chekkan oddiy aholining haqli noroziligiga sabab bo‘ladi.
Muammo tadbirkordami yoki tizimdami?
Shunday katta hajmdagi gaz noqonuniy ishlatilgan bo‘lsa, demak, muammo faqat iste’molchilarda emas. Albatta, gazni qonuniy yo‘l bilan emas, o‘g‘irlab ishlatganlarni jazolash kerak, lekin biroz mulohaza qilib ko‘raylik – ularni bunga nima majbur qildi?
Ko‘pchilik bunday holatlarni bevosita qonunbuzarlik deb qabul qiladi, lekin uning ildizi chuqurroq. Ishlab chiqarish korxonalari, issiqxonalar va tadbirkorlik subyektlari noqonuniy ulanishlarga o‘tganining bir nechta sababi bor.
Birinchidan, O‘zbekistonda rasmiy gaz ta’minotining beqaror. Ba’zi tadbirkorlar shartnomaga ega bo‘lsa ham, gaz bosimi pastligi yoki uzilishlar sabab ishlab chiqarish jarayonlarini davom ettira olmaydi. Ular rasmiy ulanish orqali yetarli gaz ololmasa, faoliyatini saqlab qolish uchun noqonuniy yo‘llarni izlashga majbur bo‘ladi.
Ikkinchidan, tadbirkorlarga gaz narxi va muqobil yo‘llar ham qimmatga tushmoqda. Gaz tariflari yildan yilga oshib borayotgani bois, ayrim tadbirkorlar undan qonuniy foydalanishning iqtisodiy jihatdan manfaatli emasligini ta’kidlaydi. Yirik biznes vakillari noqonuniy gaz bilan ishlashning xavfini ham, foydasini ham yaxshi biladi – jarima va jazolar yengil bo‘lsa, ularni to‘lab, yashirin gazdan foydalanish afzalroq ko‘rinadi.
Vanihoyat, mamlakatda elektr energiyasi beqaror. Ba’zi ishlab chiqarish korxonalari va issiqxonalar asosiy quvvat manbai sifatida gazga tayanadi, chunki elektr ta’minotidagi uzilishlar ularning ishlashiga jiddiy zarar yetkazadi. Natijada, ular muqobil manba sifatida gazdan foydalanishga harakat qiladi – agar qonuniy yo‘li murakkab yoki qimmat bo‘lsa, noqonuniy yo‘lga o‘tish ehtimoli oshadi.



