“GAI mas’uliyatni yo‘l harakatining zaif qatlamiga tirkab qo‘yyapti”
Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi piyodalarga svetoforsiz “zebra”lardan bir qo‘lini ko‘tarib o‘tishni tavsiya qilib, shunga mos ravishda vidoni taqdim qildi.
2 daqiqa o‘qiladi
Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi o‘zining rasmiy sahifasida piyodalarga svetoforsiz “zebra”lardan bir qo‘lini ko‘tarib o‘tishni tavsiya qilingan post qoldirib, unga tavsiyaga mos videoni ilova qiladi.
So‘nggi 100 yilda bunaqasi bo‘lmagan
Tabiiy ravishda bunga tarmoq faollari keskin norozilik bildirib, turlicha post va izohlar qoldirishdi. Noroziliklarning ko‘p qismi jilovlanmagan his-tuyg‘ular natijasida yuzaga kelgani ham bor gap, ammo asosli va hayotdan olingan argumentlar bilan ifodalangan munosabatlar ham bor. Marketing operatsiyalari bo‘yicha mutaxassis va bloger Farhod Fayzullayevning yozishicha, bu orqali organ xodimlari mas’uliyatni yo‘l harakatining zaif qatlamiga tirkab qo‘ymoqda. “Piyodalar haydovchilarni o‘ldirmaydi. So‘nggi 100 yilda bunaqasi bo‘lmagan. Aholi punktlari ichida mas’uliyat avtomobilchilarda bo‘lishi shart. Chunki ular bir necha tonnali metall ichida o‘tiribdilar. Piyodalarning esa hech qanday himoyasi yo‘q.”, — deb yozadi Fayzullayev.
Siettl — Toshkent
Bloger Toshkent bilan solishtirish uchun ajoyib misol keltiradi. U Qo‘shma Shtatlarning g‘arbiy sohilida joylashgan port shahar — Siettlni misol qilib oladi. Shahar va uning atrofidagi barcha yo‘ldoshlari bilan hududda qariyb 4 mln. kishi istiqomat qiladi. Bu Toshkentga yaqin raqam. Shahar ichidagi tezlik 70 emas, 60 emas, balki 40 (25 mil/soat) bilan chegaralangan. Hatto 6 “polosa”li, Amir Temur yoki Maxtumquli kabi arterial ko‘chalarda ham tezlik 40 ni tashkil qiladi. Ustiga ustak, millionta svetofor mavjud. Har 300 metrda svetofor bor. “Bundan tashqari, shaharda qancha yurgan bo‘lsak, ikki “polosa”li ko‘chalarda ham, “oltitaliklari”da ham svetoforsiz piyodalar o‘tish yo‘llari yo‘q. Shahar ichida piyodalar uchun ko‘priklar yoki yer osti yo‘llari ham ko‘rmadik. Hamma yoqda svetofor. Chindan ham, shaharda “yurib bo‘lmaydi”. Avtomobillar harakati juda sekin. O‘zimning ham yuragim siqilib ketdi. Ammo, shu bilan piyodalar xavfsizligi ta’minlanyaptimi, men roziman. Chunki, kerak bo‘lganda, men ham piyodaga aylanaman.”, — deb yozadi u.
“Qo‘lini ko‘tarmasdan o‘tdi, shuning uchun gaz tashlamay bosib ketibman”
Jurnalist Shuhrat Shokirjonov esa vaziyatga biroz hissiyot bilan yondashadi, ammo uning fikrini ham inkor etish mumkin emas. “Aslida, ikki qo‘lni baland ko‘tarib o‘tish yaxshiroq effekt beradi. Hali zamon "qo‘lini ko‘tarmasdan o‘tdi, shuning uchun gaz tashlamay bosib ketibman", deya avtoterroristlarning o‘zini oqlagan videolarini ko‘rib qolsak kerak. Boshqa tomoshabin avtoterroristlar esa "ha, ha, mana, videoda ko‘rinib turibdiyu, qo‘lini ko‘tarmagan", deb qotilni oqlaydi, xuddi katta tezlikda qizil chiroqda gaz tashlamay chorrahadan o‘tish mumkin, deganidek.”, — deb yozadi jurnalist.



