Dars vaqtida smartfonni taqiqlash bolalarga qanday ta’sir qiladi?
Smartfon va gadjetlardan foydalanish bolalarda ijodkorlik qobiliyatining rivojlanmasligiga sabab bo‘lmoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlash bolalarning ijtimoiy hayoti va ijodiy qobiliyatini yaxshilashi mumkin. Bu haqda Los-Anjelesdagi Kaliforniya universiteti olimlariga asoslanib Healthday xabar berdi.
AQShda maktab bolalari kuniga 6 soat smartfondan foydalanishadi
Kuzatuv natijalariga ko‘ra, AQSHda 8 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar kuniga o‘rtacha olti soatni ekranga tikilib o‘tkazadi. Hatto dars payti va tanaffuslarda ham smartfonga tinim yo‘q. Oqibatda bolalarning ijtimoiy moslashuvchanligi va ijodiy qobiliyati rivojlanmay qolishi mumkin.
Inson zerikkanida ijodiy qobiliyati ishlay boshlaydi, smartfon esa bolalarning (kattalarning ham) zerikishiga aslo yo‘l qo‘ymaydi...
“Bolalarning 24/7 rejimda smartfonda bo‘lishi — ularda yaratuvchanlik, g‘oyalar va fikrlar o‘ylab chiqish hissi uyg‘onishi yo‘lidagi to‘siqdir”, — deya ta’kidlanmoqda tadqiqotda.
Bola dunyoni dushman sifatida qabul qila boshlashi mumkin
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar bolaning ong ostiga ta’sir ko‘rsatishi, ulardagi xavotir hissini kuchaytirishi mumkinligi bilan ham xavfli. O‘qilgan axborot mohiyatini yuzaki tushungan bola dunyoni dushman sifatida qabul qilishi ehtimoli yo‘q emas.
Tadqiqotchilar maktablarni mobil qurilmalarni taqiqlashga chaqirmoqda. Ota-onalarga esa kechki ovqatdan so‘ng yoki uyqudan avval bolalar uchun ekran vaqtini cheklash tavsiya etilmoqda. Telefonsiz vaqtni ko‘ngilli o‘tkazish uchun bolalarga ko‘proq sharoitlar yaratish ham muhim vosita, deyiladi xabarda.



