Yakshanba, 25-oktabr, 2026
Havo 76 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +7° kechasi +6°

Jahon Chempionati oldidan yana bir yo‘qotish

O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi a’zosi Portugaliyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida xochsimon payini jarohatlab olgan. Endilikda u operatsiya qilinadi va FIFA Futzal jahon chempionatini o‘tkazib yuboradi.

2 daqiqa o‘qiladi

Jahon Chempionati oldidan yana bir yo‘qotish

Avgust oyida o‘tkazilgan xalqaro yig‘inlar O‘zbekiston futzal terma jamoasiga ko‘pga tushmoqda. Afsuski, Jahon Chempionati starti yaqinlashgani sari terma jamoamizning bir qator muhim o‘yinchilari jarohat olib, unda ishtirok etolmasligi aniq bo‘lib boryapti. Yakshanba kuni yana bir futzalchimizning yurtimiz mezbonlik qiladigan ilk Jahon Chempionatida ishtirok etolmasligi aniq bo‘ldi.

Navbatdagi jarohat

O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi a’zosi Sunnatilla Jo‘rayev Portugaliyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida jarohat olgan edi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, futzalchimizning xochsimon payi lat yegan va endilikda u operatsiya qilinadi. Afsuski, futzalchimiz bir qancha muddatga safdan chiqdi va yaqinlashib kelayotgan FIFA Futzal jahon chempionatini o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘ldi.

Ko‘pga tushgan yig‘in

Avvalroq yaqindagina jarohatidan tuzalib, safga qaytgan O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi darvozaboni Ravshan Eliboyev Fransiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida jarohat olgandi. Tekshiruv natijalari uning barmog‘i singanini va bir qancha muddatga safdan chiqqanini ko‘rsatgan edi. Keyinchalik Eliboyevning yaqinlashib kelayotgan FIFA Futzal Jahon chempionatini o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgan. 

Jahon Chempionati

Ma’lumot uchun, FIFA qarori bilan futzal bo‘yicha 2024-yilgi jahon chempionati O‘zbekistonda o‘tkazilishi belgilangan. Prezident Mirziyoyevga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, turnir 3 ta shahar: Toshkent, Andijon va Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Musobaqa 14-sentyabr - 6-oktyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Musobaqaga 30 ming muxlis tashrif buyurishi kutilmoqda.