Toshkent shahrida talabalarni turar joy bilan ta’minlash maqsadida 60 ta markaz tashkil etiladi
"Talabalar turar joyi axborot tizimi" ishga tushiriladi va yotoqxona uchun arizalar onlayn qabul qilinadi.
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida talabalarni turar joy bilan ta’minlash borasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lumot berdi.
29 ta OTM uchun 60 ta markaz
Toshkent shahri bo‘yicha 29 ta davlat oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha 60 ta markaz (shtab) tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Markazlarda 200 nafardan ortiq ko‘ngilli lider yoshlardan iborat volontyor va tyutorlar talabalarni yotoqxona va ijara xonadonlariga joylashishiga ko‘mak beradi.
Markazlarga arizalar onlayn qabul qilinadi
Talabalikka tavsiya etilganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Talabalar turar joyi axborot tizimi”ga yuklandi va talabalardan yotoqxonaga joylashish bo‘yicha yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali arizalar qabul qilinadi.
Ijara shartnomalariga Face-ID tizimi ulanadi
Xususiy xonadonlarga joylashtiriladigan talabalar bilan tuziladigan turar joy ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) texnologiyasi orqali elektron shaklda real vaqt rejimida hisobga qo‘yiladi.



