Muhammad Bobojonov: Oʻzbekiston mahsulotlari 122 mamlakatga eksport qilinmoqda
2023-yilda 24,43 milliard AQSh dollariga teng miqdorda mahsulot va xizmatlar eksport qilingan. Bu ko‘rsatkich 2017-yil bilan solishtirganda 1,95 marta koʻp.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim natijalarga erishilmoqda. Sababi mamlakatdan tovarlar va xizmatlar eksport qilinadigan davlatlar soni va mahsulotlar turi tobora ortib bormoqda.
Iqtisodiyotdagi muhim natijalar
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Muhammad Bobojonov Oʻzbekistonning eksport geografiyasi sezilarli darajada kengayganini ta’kidladi:
“Tahlil natijalari shuni koʻrsatadiki, 2017-yilda 12,55 milliard AQSh dollariga teng miqdorda mahsulot va xizmatlar eksport qilingan. 2023-yilda esa bu koʻrsatkich 1,95 marta koʻpaygan. Ya'ni, 24,43 milliard AQSh dollariga yetgan”, - dedi u.
122 ta mamlakatga eksport qilinayotgan O‘zbekiston mahsulotlari
2023-yilda eksportning yillik oʻsish sur’ati 23,8 foizni tashkil qildi. 2017-2023-yillar mobaynida mamlakatimizning eksport geografiyasi 14 ta mamlakatga kengaydi. Hozir mahsulotlarimiz 122 ta mamlakatga eksport qilinmoqda. Eksport qilinadigan mahsulotlar diversifikasiyasi oshib bormoqda. Jumladan, 2017-yilda har biri 10 ming AQSh dollaridan ortiq boʻlgan 1 ming 219 xil mahsulot eksport qilingan boʻlsa, 2023-yilga kelib, bu koʻrsatkich 2 ming 874 tani tashkil qildi. Bu 2,4 marotaba koʻpdir.
“2017-2023-yillarda paxtadan tayyorlangan yuqori qoʻshilgan qiymatli tovarlar eksporti yoʻlga qoʻyildi. Xususan, 2017-yilda toʻqimachilik mahsulotlari umumiy eksportning 8,1 foizini tashkil etgan boʻlsa, 2023-yilda ushbu koʻrsatkich 12,5 foizni tashkil qilib, 65 ta mamlakatga 639 turdagi toʻqimachilik mahsulotlari eksport qilindi”, – dedi M.Bobojonov.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi
Mamlakatning eksport salohiyatini oshirishda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi muhim hisoblanadi. Unda eksport hajmini 2 barobar oshirish va 45 milliard dollarga yetkazish, eksportchi korxonalar sonini 6,5 mingtadan 15 mingtaga yetkazish koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi sohasida eksport hajmini yiliga 10 milliard dollarga yetkazish, eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar hajmini 3,3 barobar koʻpaytirish kabi qator chora-tadbirlar yurtimizning eksport imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.



