$
 12829.07
-15.14
 13344.80
-163.46
 124.91
-2.44
weather
+26
Кечаси   +14°

Sherzod Esanov – AQSHda o‘qish uchun 85 ming dollar grant yutgan data tahlilchi

Sherzod Esanov

Katta kompaniyalarning muammolari ham katta bo‘ladi. O‘zbekistonda ham yirik kompaniyalar, xususan, transmilliy kompaniyalarga qarashli filiallar ko‘paymoqda. Bu, o‘z navbatida, ularga yuqori malakali, salohiyatli mutaxassislar zarur bo‘ladi degani. 

Qaysi sanoat lideri yoki ish hajmi hamda niyatlari ulkan bo‘lgan kompaniyaga qaramang, u yerda ekspatlarni ko‘rasiz. Rossiya va MDH davlatlaridan tortib Hindiston va Osiyoning boshqa o‘lkalari, Yevropa va Shimoliy Amerikadan ko‘plab sohalar bo‘yicha ekspertlar O‘zbekistonga o‘z ixtisosliklari bo‘yicha bilim va tajriba bilan kelmoqda. 

Ammo O‘zbekistonning o‘zidan ham jahon toifasidagi mutaxassislar yetishib chiqmoqda. Ulardan biri – Beeline Uzbekistan kompaniyasi moliyaviy tahlilchisi va buxgalter-moliyaviy tahlilchi va ERP mutaxassisi Sherzod Esanov.

Sherzod Esanov 27 yoshli moliya hamda axborot texnologiyalar sohasi professionali. U 2013-2017 yillarda Toshkent moliya institutida grant asosida tahsil olgan. “O‘qish davrida moliyaviy tahlil hamda biznes jarayonlarni avtomatlashtirish, zamonaviy texnologiyalar orqali ushbu yo‘nalishlarda inson omilini kamaytirish ustida ishlashga qiziqardim”, deb xotirlaydi Sherzod.

Institutni tamomlagandan keyin Moliyaviy Hisobotning Xalqaro Standartlari (IFRS) bo‘yicha sertifikatsiya kursidan o‘tib chiqqan qahramonimiz o‘zining o‘shandagi qarorini shunday izohlaydi:

“O‘qishni bitirishim keng miqyosli iqtisodiy islohotlar davriga to‘g‘ri keldi. Eng yuqori minbarlardan xususiylashtirish, davlat ulushi bor kompaniyalarni optimizatsiya qilish va xususiy sektorga topshirishga tayyorlanish, hatto IPOga olib chiqish masalalari ko‘tarila boshlandi. Albatta, bunday “ochilish” siyosati barcha kompaniyalarning hisobotlari shaffofligini talab qilardi. 

Yaqinda o‘qishni tamomlagan yosh mutaxassis sifatida IFRS’ni o‘rganish menga qo‘shimcha raqobatbardoshlik berardi. Umuman, bunday zamonaviy va xalqaro hisobot yuritishni biladigan mutaxassislar kam, ularga bo‘lgan talab yuqori edi. 

Men diplomimni qo‘limga olmasimdan O‘zbekistondagi eng yirik elektronika tovarlari ishlab chiqaruvchi kompaniya Artel’ga ishga kirdim.  

U yerda moliyachi bo‘lib ishladim. Va tez orada meni NASDAQ birjasi listingida turuvchi VEON korporatsiyasining O‘zbekistondagi shirkati Beeline Uzbekistan’ga taklif qilishdi. Bu yerga kelishimning sababi ham aynan xalqaro standartlarni o‘rganganimdir.” 

Darhaqiqat, 2021-yil boshida hukumat barcha yirik kompaniyalarga ushbu standartlarga o‘tish talabini qo‘ydi. Tushunishingiz uchun, 2017 yilda Katta to‘rtlikka kiruvchi KMPG kompaniyasida 4 ta odam ishlardi, bugun ular soni yuzdan oshgan va yana ko‘payib bormoqda.

Qahramonimiz nafaqat moliya, balki biznes jarayonlarning turli bosqich va komponentlarida o‘zining texnik ekspertizasini hayotga tadbiq etib kelmoqda:

“Hozirda katta-katta departamentlarning o‘zaro muvofiqlikda ishlashiga xizmat qiladigan Enterprise Resource Planning (ERP) axborot tizimini takomillashtirish ustida ishlayapmiz. Bu tizimni yo‘lga qo‘yish uchun bizga Pokiston va Ukrainadan, shuningdek, Amsterdamdagi bosh qarorgohimizdan mutaxassislar kelgan edi. 

Oracle Fusion tizimini O‘zbekistondagi barcha filliallarimiz va ofislarimizda joriy qilish vaqtida xalqaro ekspertlar bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘lganim menga foyda bo‘ldi.”

O‘zbekiston uchun ancha zalvorli hisoblangan ishlarni qilayotgan bo‘lsa-da, texnologiyalar sohasi odamlariga xos kamtarlikka ega Sherzod o‘zining yaqindagina erishgan kattagina yutug‘ini faqat “Kelajakka qanday rejalar endi?” degan savolimizdan keyin bizga ma’lum qildi. Jizzaxning Gʻallaorolida tug‘ilib, o‘sib, 10 yoshida Toshkentga ko‘chib kelgan qahramonimiz AQSHning nufuzli Lexay universitetiga MBA (biznesni boshqarish bo‘yicha magistratura) dasturini o‘qish uchun 60 ming dollarga teng grantni qo‘lga kiritibdi.

Wall Street Journal talqiniga ko‘ra AQSHdagi eng zo‘r universitetlar ro‘yxatiga kirgan Lexay universitetida Sherzod o‘zining biznes analitika bo‘yicha bilimlarini yanada oshirmoqchi. Bundan tashqari, qahramonimiz uchun AQSHdagi Jorj Vashington universiteti 85 ming, Boston universiteti 70 ming, Babson Kollej 40 ming dollar miqdorida grant ajratgan.

Vanihoyat O‘zbekistonda yirik o‘yinchilar va xalqaro kompaniyalar tufayli yuqori kalibrli mutaxassislar yetishib chiqayotgani, ularning vatandagi tajribasi xalqaro maydon sari trampolin bo‘layotganini kuzatish yoqimli. 




Shuhrat Gʻaybullayev

Теги :
Jamiyat