$
 12610.17
-9.84
 13526.93
4.59
 135.24
-0.5
weather
+26
Кечаси   +14°

“Arzon elektr-energiyasi faqat kambag‘al davlatlarda bo‘ladi“: narx oshishiga jamoatchilik qanday fikr bildirmoqda?

elektr

O‘zbekistonda 1 maydan elektr energiyasi va gaz uchun to‘lovlar miqdori oshiriladi, ko‘p ishlatgan ko‘proq to‘laydi. Ya’ni, energetika sohasida ijtimoiy norma joriy etildi. Ushbu qarorni ko‘pchilik jamoatchilik faollari qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, norozilik bildirayotganlar ham yo‘q emas. Hatto bu qarorni qonunchilikka zid deyatgonlar ham bor. 

Ijtimoiy norma o‘zi nima?

Ma’lumot uchun, energiya iste’molining ijtimoiy normasi deganda aholi tomonidan sotib olishda imtiyozli tarif qo‘llaniladigan energiya tushuniladi. Ya’ni, energiya ma’lum bir me’yorgacha nisbatan past (imtiyozli) narxda sotiladi va bu me’yordan yuqori iste’mol uchun bozor narxlarida sotiladi.

Aholi uchun ijtimoiy norma miqdori elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha 200 kVt soatgacha, tabiiy gaz bo‘yicha mavsumiylik nuqtai nazaridan kelib chiqib, mart – oktyabr oylari uchun 100 kub metrgacha va noyabr-fevral oylari uchun 500 kub metrgacha o‘rnatilmoqda. Ijtimoiy normadan ortiq energiya resurslarini iste’mol qilganlar esa qo‘shimcha – oshirilgan narxlarda haq to‘laydi.

Tarif siyosati prinsipiga zid qaror

Ekologiya vaziri maslahatchisi, sobiq deputat Rasul Kusherbayev ushbu masala yuzasidan quyidagicha savol qo‘ydi — Elektr energiyasi uchun oshirilgan tarif, tarif siyosati prinsipiga zid emasmi?  

“Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 apreldagi 310-son qarori bilan “2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasi elektr energetika tarmog‘idagi tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlari” tasdiqlangan.
Unda “elektr energiyasi uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflar 2023-yildan boshlab, uch yildan kam bo‘lmagan muddatga amal qiladi”, degan qoida ta'rif siyosatining asosiy prinsiplaridan biri sifatida belgilangan. 
Agar ushbu prinsip yil boshidan buyon kuchda bo‘lsa, joriy yilning 1-mayidan boshlab elektr energiyasi uchun oshirilgan tarifni qanday izohlash mumkin? Energetika vazirligi yoki boshqa mas’ul organ buni izohlab bersa maqsadga muvofiq bo‘lardi”, - deb yozadi Kusherbayev.

Arzon elektr-energiyasi kambag‘al mamlakatlarda uchraydi

G‘azna telegram kanali esa O‘zbekiston elektroenergiya bo‘yicha 230 ta davlat ichida arzon tarifli 15 ta davlatdan biri hisoblanib kelganini aytmoqda. 295 so‘mlik tarif boshqa rivojlanayotgan davlatlar bilan solishtirish darajasida ham emas, deyiladi kanalda.

“O‘zbekistondagi tariflardan pastroq tariflar Butan, Iroq, Suriya, Sudan, Liviya, Efiopiya kabi davlatlarda bor xolos. Mutaxassislarning fikricha, arzon elektr energiyasi aynan kambag‘al mamlakatlarda uchraydi.
Bunday davlatlar o‘z aholisini energiya bilan butunlay qamrab olmaydi va bu vaziyat subsidiyalarga qaramay emas, balki aynan subsidiyalar sabab vujudga keladi. Hukumat energiya narxini qancha pastroq ushlashga harakat qilsa, elektr energiyasi bilan doimiy ravishda ta’minlay olishi mumkin bo‘lgan xonadonlar soni shuncha oz bo‘ladi. Subsidiyalar infratuzilmadagi bo‘shliqlarni yaxshilashga emas, balki ularning kelib chiqishining asosiy sababi hisoblanadi
Solishtirish uchun, Qozog‘istonda oyiga o‘rtacha 300 kVt.soat elektr energiyasini ishlatuvchi xonadon har bir kVt.soat uchun o‘rtacha 790 so‘m to‘laydi
Rivojlangan davlatlarda, misol uchun Yaponiyada, bu ko‘rsatkich 2 791 so‘mga teng. Yevropa davlatlarini gapirmasa ham bo‘ladi, Ispaniyada 4695 so‘m! Ularda oyligam balandda deyishga shoshilmang, ularda narx tannarxga qarab belgilanadi.
Aytilishicha, O‘zbekistonda “svet”ning tannarxi aslida 1000 so‘mga teng”

Qo‘shnilarimizda narx qancha?

Elektrokimyo sohasi doktoranti va neft muhandisi bo‘lgan Sarvar Talipovdan elektr energiyasi, narxlari, va generatsiya haqida o‘z tahlilini e'lon qildi.

“Elektr energiyasi uchun narx oshganidan hamma xabardor. Ammo, bu narxlar nima uchun aynan shuncha, o‘zi “svetti" narxi nech pul bo‘lishi kerak? 

Meni birinchi qiziqtirgan savol: qo‘shnilarimizda narxlar qanday? Mintaqadagi eng arzon elektr energiyasi qo‘shni Qirg‘iz respublikasida ekan 

- 700 kV*s gacha 142 so‘m, va undan tepasi 307 so‘m.

Tojikistonda 1 kV*s uchun 347 so‘m, Qozog‘istonda esa 980 so‘m. 

Xo‘p, qo‘shnilarimizdagi narxlarni bildik, ammo, barchamizni iqtisodiy ahvolimiz har xil. Shuning uchun, aholi jon boshiga YAIM bo‘yicha biz bilan bir xil davlatlardagi elektr energiyasi narxlarini ko‘rib chiqdim. Bizning YAIM $2670 tashkil qilar ekan.

Jon boshiga YAIM bo‘yicha yaqin davlatlarda 1 kV*s uchun narxlar:

- Keniya — 2736 so‘m

- Nigeriya — 250 so‘m (x3 May oyida)

- Nikaragua — 2219 so‘m

- Hindiston — 979 so‘m

- Kongo — 756 so‘m

- Kot-d'Ivuar —1489 so‘m 

Tepadagi ro‘yxatdan ko‘rganimizdek, O‘zbekistondagi narxlar eng arzonlardan bo‘lib kelgan. Yangi narxlarni hisobga olganda, bizda haligacha elektr narxlari pastki guruhda qoladi. Albatta, elektr energiyasini generatsiyasi har davlatta har xil, va barcha omillarni hisobga olish qiyin. IMF ma’lumotlariga binoan, o‘rtacha dunyodagi kV*s narxi 2024-yilda 1800 so‘mni tashkil qilar ekan, ya’ni bizda elektr dunyodagi o‘rtacha narxdan hali hamon ikki barobar arzonroq

Keling, xalqaro energetika agentligi taqdim qilgan elektr energiyasi generatsiyasining narxlariga murojaat qilsak:

- Ko‘mir: kV*s 1115.11 so‘m

- Gaz: kV*s 899.69 so‘m

- Yadro: kV*s 874.35 so‘m

- Yadro LTO: kV*s 418.17 so‘m

- Shamol (materiktagi): kV*s 633.58 so‘m

- Gidroyelektr (daryo): kV*s 861.67 so‘m

Worldometer manbaasiga ko‘ra O‘zbekiston 79% elektr energiyasini tabiiy gazdan va 21% gidroelektr stansiyalaridan olar ekan. Yuqoridagi narxlarni inobatga olib hissoblasak, o‘rtacha bir kV*s uchun tahminan 891 so‘m to‘g‘ri kelar ekan. Demakki, yangi o‘rnatilgan tariflar adekvat va osmondan olingan emas (manbaalarga ishonsak har holda).

Bu hisobotdan oladigan xulosalarimiz shuki, biz ko‘p yillardan beri davlat tomonidan subsidiya qilib kelingan arzon elektr energiyasini ishlatib kelganmiz. Ammo shu paytni o‘zida aholi sonimiz katta tempda oshib borgan. Davlat subsidiyalari bu sanoatni to‘xtashiga va o‘z zarariga ishlashiga olib keldi. Yangi belgilangan tariflar esa ancha yil avval qilinishi kerak bo‘lgan ishlardan bo‘lgan. Ammo, yangi narxlar bilan bizning muammolarimiz yechilib qolmaydi.

Теги :
Жамият
Иқтисодиёт