$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Jamoat transportida elektron to‘lov tizimi to‘liq joriy qilindimi?

Jamoat transporti

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi a’zolari jamoat transportida elektron to‘lov tizimini joriy qilish borasidagi ishlar holatini Toshkent shahri misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rgandi.

Elektron tizim raqamlarda

Ma’lum bo‘lishicha, 2020-yilda shahar jamoat transportida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimidan 45 244 400 yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, 2023-yilda 78 515 300 yo‘lovchi foydalangan. Tushum esa qariyb 3,5 barobarga oshib, 28,4 mlrd. so‘mdan 98,6 mlrd. so‘mga yetgan.

Elektron tender tanlovlari

Shuningdek, poytaxtimizdagi 11 ta magistral, 14 ta halqa, 99 ta bog‘lovchi va 40 ta yetkazib beruvchi jami 167 ta yo‘nalishdan iborat yangi yo‘nalishlar tarmog‘i asosida bir necha bosqichda elektron tender tanlovlari o‘tkazilgan. Natijada 167 ta yo‘nalishning barchasi bo‘yicha brutto-shartnoma tizimida xizmat ko‘rsatish uchun shartnomalar tuzilgan va ushbu tizimga o‘tkazish ishlari to‘liq yakunlangan.

Deputatlar nimalarni o‘rgangan?

O‘rganishlar davomida deputatlar jamoat transportida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish, jamoat transportida to‘lovlar shaffofligini ta’minlash, yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimlaridan foydalanishni rag‘batlantirish va avtomatlashtirilgan to‘lov tizimini rivojlantirish maqsadida 2023-yil 1-noyabrdan Toshkent shahrida aholi uchun qulay bo‘lgan yangi tariflar joriy etilganiga guvoh bo‘lishdi.

Imtiyozli va bepul tarif rejalari

Bundan tashqari, transport kartalaridan foydalanilgan holda bir soat ichida bir yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan boshqasiga o‘tish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tarif rejalari tasdiqlangan. Shunga ko‘ra, bir soat ichida ikkinchi avtobusdan foydalanish 700 so‘m, bir soat davomida uchinchi va to‘rtinchi avtobusdan foydalanish esa mutlaqo bepul etib belgilangan.

Shu vaqt davomida yo‘lovchilarning metropolitenda ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi marotaba harakatlanishi 1100 so‘m etib belgilangan. Eng asosiysi, “N – pensionerlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun” qizil rangdagi transport kartasi ko‘rinishida, “T – Talabalar uchun” sariq rangdagi transport kartasi ko‘rinishida, “O‘ – o‘quvchilar uchun” yashil rangdagi transport kartasi ko‘rinishida 50 foiz imtiyozli tariflar joriy etilgan.

Elektron to‘lovlar - 60 %, naqd pul orqali - 40 %

Kunlik yo‘lovchi oqimi 1,7 baravarga ko‘payib, 1 millionga yetgan. Elektron to‘lovlarning umumiy tushumdagi ulushi esa 60 foizni tashkil etmoqda.

Qo‘mita a’zolarining o‘rganishlari davomida ushbu sohada bajarilgan ishlar alohida e’tirof etilib, aniqlangan ayrim muammo va kamchiliklar nazoratga olindi, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Теги :
Jamiyat