$
 12998.91
13.9
 13439.57
154.61
 131.29
1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Davron Vahobov: Elektromobillarga bojlarni gibrid avtomobillarniki bilan tenglashtirish kerak

savdo

Jizzax akkumulyator zavodining texnik direktori xorijdan O‘zbekistonga kirib kelayotgan akkumulyatorlar uchun utilizatsiya yig‘imini joriy qilish taklif qilingandi. Uning taklifi ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ushbu masala atroflicha o‘rganib chiqilganini maʼlum qilib, holatga munosabat bildirdi.

Notarif bojlar miqdori

Davron Vahobovning so‘zlariga ko‘ra, elektromobillar importi bo‘yicha jahon tajribasi o‘rganilganda, yetakchi xorij davlatlarida ichki iqtisodiyotni himoya qilish maqsadida Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillarga qo‘shimcha bojlar joriy qilingani oydinlashgan. Xususan, Jahon savdo tashkilotining aʼzosi hisoblangan ushbu davlatlarda notarif bojlar miqdori quyidagicha belgilangan:

  • AQSHda avtomobil narxining 102,5 foizini,
  • Yevropa Ittifoqi davlatlarida 38,1 foiz,
  • Turkiyada 50 foiz,
  • Braziliyada 2024-yilda 10 foizgacha, 2026-yildan esa 35 foizgacha.

1 milliard dollarlik BYD zavodi

Shuningdek, Turkiya misolida ko‘rish mumkinki, Xitoy elektromobillariga nisbatan 10 foizdan 50 foizgacha qo‘shimcha bojlar joriy qilinganidan so‘ng, BYD kompaniyasi ushbu mamlakatda 1 milliard dollarlik zavodini qurish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Xitoyda elektromobil ishlab chiqaruvchi 19 ta kompaniya qoladi

Boj tariflarining nol qiymatda saqlanib qolishi Xitoy elektromobillarining sifatli xizmat ko‘rsatish va hech qanday kafolatlarsiz ommaviy ravishda mamlakatga kirib kelishiga sabab bo‘ladi. Alixpartners konsalting firmasi ekspertlarining fikricha, 2030-yilga borib, Xitoyda elektromobil ishlab chiqaruvchi 137 ta kompaniyadan faqatgina 19 tasi daromadli biznes sifatida saqlanib qoladi.

“Tabiiyki, qolgan bankrot kompaniyalar o‘z elektromobillarini bojxona bojlari yo‘q bo‘lgan mamlakatlarga olib kirishga urinadi. Isteʼmolchilar esa mahalliy sharoitlarga mos bo‘lmagan, sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyati yo‘q bo‘lgan elektromobillarni sotib olish orqali katta xarajatlarga duchor bo‘lishlari mumkin”< – deyiladi munosabatda.

 Akkumulyatorlarni qayta ishlash masalasi

Ta’kidlanishicha, butun dunyoda akkumulyatorlarni qayta ishlash masalasi dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda. Bugungi kunda mamlakatda ushbu yo‘nalishda biron bir loyiha mavjud emas. Elektromobillarga bojlarni gibrid avtomobillarniki bilan tenglashtirib, akkumulyatorlarni qayta ishlash bo‘yicha loyihalarga jamg‘armalar tashkil etib, yangi texnologiyalar jalb qilish kerak.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda O‘zbekistonga olib kirilayotgan elektromobillar bojxona, aksiz va avtotransport soliqlaridan ozod qilingan. 2021-yilning noyabrida YHXBB elektromobillar uchun “yashil” davlat raqamlari berishni boshladi.

Prezidentning 2024-yildagi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish quvvati bosqichma-bosqich yiliga 500 ming donagacha oshiriladi.

Elektromobillar uchun boj kiritish tashabbusini oqlab berish navbati Savdo-sanoat palatasiga keldimi?

Iqtisodchi Otabek Bakirov Savdo-sanoat palatasi raisining so‘zlariga shunday fikr bildirdi:

“Palata raisi Davron Vahobov elektromobillar importi boʻyicha jahon tajribasi oʻrganilganda, yetakchi xorij davlatlarida ichki iqtisodiyotni himoya qilish maqsadida Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillarga qoʻshimcha bojlar joriy qilinganini qayd etib, oʻz fikrini dastaklash uchun AQSh, YEvropa ittifoqi, Turkiya va Braziliya misollarini keltirgan.

Avvalombor, aytish kerakki, sanalgan mamlakat va hududlar dunyodagi eng yirik avtomobil bozorlari hisoblanadi. Bu bozorlarning har birida Evropa va AQSh misolida oʻnlab, Turkiya va Braziliya misolida kamida oʻnga yaqin avtomobil ishlab chiqaruvchilari mavjud. Ya'ni sanalgan bozorlarda importni hisobga olmaganda ham, ishlab chiqaruvchilarning oʻzida raqobat darajasi haddan ziyod yuqori. Masalan, Vahobov mehr bilan tilga olgan Turkiyada bozorda eng katta ishlab chiqaruvchi Renault'ning ulushi 25%ga bormaydi. Oʻzbekistondagi monopollashgan konsentrasiyani sanalgan bozorlardagi raqobat koeffisienti bilan umuman solishtirib boʻlmaydi.

Ikkinchidan, sanalgan mamlakatlarda notarif bojlarning miqdori palata raisi keltirgan va atayin qoʻrqinchli qilib koʻrsatilgan raqamlardan ancha farqlanadi. Bu boʻyicha batafsil yana alohida yozaman, lekin bahs mazmuni falon mamlakatda faloncha boj, bizdayam shuncha boʻlishi toʻgʻri qabilidagi uydirmalarga chalgʻib ketmasligi kerak.

Uchinchidan, AQShning boj kiritish boʻyicha (ayniqsa Tramp davrida) tashabbuslari doim qattiq tanqid ostiga olingan va bu boʻyicha konsensus yoʻq. Evropa ittifoqida ham shunday. Behzod Hoshimov ta'biri bilan aytganda, hech qursa shu mamlakatlar darajasida ochiq bozorga ega boʻlganimizdayam mayliydi. Qolaversa, eng qashshoq mamlakatlardan bir boʻla turib bizdan karrasiga boy mamlakatlarning yutuqli emas, xatoli qadamlaridan oʻrnak olishga urinishlar rosti achinarli.

Akkumulyatorlarni qayta ishlash uchun elektromobillarga boj kiritilishi zaruriyati yoki Xitoyda bankrot boʻlgan kompaniyalarning Oʻzbekistonga kirishga urinib koʻrishlari (!) toʻgʻrisidagi vajlarni hatto qizil iplar bilan ham bogʻlab boʻlmaydi. Shuning uchun izohsiz qoldiraman”, – deydi u.

Elektromobillarga boj kiritayotgan davlatlarning O‘zbekistondan farqi

Otabek Bakirov AQSh, Yevropa ittifoqi, Turkiya va Braziliyaning O‘zbekistondan farqi haqida ham aytib o‘tdi:

“Mana “elektromobillarga boj kiritishayapti” deb sanalgan AQSh, Yevropa ittifoqi, Turkiya va Braziliyaning Oʻzbekistondan yana bir ulkan farqi bor.

Bu mamlakat va hududlarda biron bir avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya yashirin va maxfiy qaror bilan import bojlardan (QQSdan) ozod qilinmaydi.

Va eng asosiysi, agar yashirin qarorlar bilan import boji toʻlamaydigan kompaniya bor deya tasavvur qilsak, uning elektromobillarga boj solishni taklif etishi, ikkiyuzlamachi kompaniyani oʻsha kuniyoq bankrotlikka olib keladigan darajada jamiyat tarafidan cancel qilishga olib kelgan boʻlardi. Qanaqadir hukumat vakili yoki shartli Savdo sanoat palatasi raisi oʻzi ham cancel boʻlib ketishini bilgani uchun bu absurdni himoyalab chiqishga jur'at etmagan boʻlardi.

Ularning baxtiga AQSh emasmiz.

Yevropa emasmiz. Hatto Braziliya va Turkiya emasmiz”, – deya qo‘shimcha qildi Bakiroo.

Теги :
Jamiyat