$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘tgan qish davrida elektr energiyasiga bo‘lgan umumiy talabning 5,5 foizi uzilishlar tufayli ta’minlanmagan

svet

Elektr ta’minotidagi uzilishlarni bartaraf etish kelgusi davrdagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Statistik ma’lumotlar tahlili va hisoblangan qiymatlarni umumlashtirish aholining elektr tarmoqlaridan foydalanish ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston aholining 100 foizi elektr energiyasidan foydalanish imkoniyatiga ega davlatlar guruhiga kirishini ko‘rsatdi. Bu haqda MHTI mutaxassislari xabar berdi.

Uzilishlar davomiyligi va soni bir necha marta kamaydi

Shu bilan birga, ko‘pgina mamlakatlarda bo‘lgani kabi, bunday yuqori qiymatlarga ega bo‘lsa ham, elektr energiyasining uzilishi va o‘chirilishi holatlari mavjud. O‘zbekistonda ham bu muammolar bor, lekin keyingi yillarda ularni hal etishda sezilarli yutuqlarga erishildi. Uzilishlar davomiyligi va soni bir necha marta kamaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, agar 2022-yilda elektr energiyasiga bo‘lgan umumiy talabning 6,2-7 foizi (qish davrida) cheklovlar tufayli ta’minlanmagan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich qiymati elektr energiyasiga bo‘lgan umumiy talabning 5,2-5,5 foizigacha (qish davrida) kamaydi. 

Oxirgi 5 yil ichida elektr ta’minotidagi uzilishlar davomiyligi 3 barobarga qisqardi. Agar 2018-yilgacha elektr ta’minotida davomiyligi 6 va undan ortiq soat bo‘lgan uzilish holatlari kuzatilgan bo‘lsa, bugungi kunda uzilishlar soni qisqarishi bilan birga, 10 daqiqadan 2 soatgacha davom etadigan qisqa muddatli uzilishlar kuzatilmoqda. 

Aholining sof yoqilg‘i turlari va texnologiyalardan foydalanishi borasida ham yutuqlarga erishildi. Agar 2018–2021-yillarda aholining o‘rtacha 4,1–4,5 foizi sof manbalardan foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelgan bo‘lsa, 2022–2023-yillarda bu ko‘rsatkich 1,5 foizdan oshmadi.

Xulosa va takliflar

Tadqiqot natijalari O‘zbekiston aholini barqaror energiya bilan ta’minlash trayektoriyasiga kirmoqda degan xulosaga kelish imkonini beradi. Bu, xususan, aholining energiya manbalaridan foydalanishini ta’minlashdagi sifat o‘zgarishlarini tavsiflovchi asosiy ko‘rsatkichlardagi ijobiy tendensiyalardan dalolat beradi.

Shu bilan birga, aholining o‘sishi va odamlarning hayot sifatini yaxshilash maqsadlari sharoitida sof yoqilg‘i turlari va energiyadan foydalanishning tuzilishi va yo‘nalishlarini tavsiflovchi batafsil ko‘rsatkichlar talab qilinadi (masalan, ovqat pishirish, uylarni isitishda va boshqalar). Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish uchun baholash va reyting ko‘rsatkichlarini aniqlashtirish talab etiladi. MHTI ushbu yo‘nalishda tadqiqotlarini davom etadi.

Aholining sof yoqilg‘i turlari va energiyadan foydalanish indeksi bo‘yicha O‘zbekiston reytingini yaxshilash maqsadida quyidagilar tavsiya etiladi:

Adolatli va inklyuziv energetika sektorini barpo etish uchun energiya ma’lumotlarini boshqarish, to‘plash va monitoring qilish sohasida salohiyatni yanada oshirish;

Jahon taraqqiyotining hozirgi bosqichida barqaror rivojlanish katalizatori sifatida qaralayotgan raqamli texnologiyalarni energiya tizimiga integratsiyalashuvini jadallashtirish;

Energiya quvvatlarini uzoq muddatli rivojlantirish bo‘yicha oqilona va muvozanatli siyosat tamoyillariga rioya qilish bilan birga qayta tiklanuvchi energiya manbalari salohiyatidan to‘liq foydalanish ustuvorligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash.

Теги :
Jamiyat