Elektromobil olamida so‘nib borayotgan hayp yoxud Xitoy chuchvarani xom sanaganmidi?
O‘zbekistonda elektromobillar “eyforiya”si kuzatilayotgan bir vaqtda butun dunyo elektromobillardan voz kechmoqda. Xo‘sh, o‘zi nima gap?
8 daqiqa o‘qiladi

Yirik avtomobil kompaniyalari ETV ishlab chiqarish borasida o‘z reja va strategiyalarini qayta ko‘rib chiqmoqda. O‘zbekistonda tobora ommalashib, monopollashib borayotgan elektromobillardan dunyo davlatlari sekin-asta voz kechmoqda, deb yozadi jurnalist Abulfayz Sayidasqarov.
So‘nib qolgan elektromobil olovi
2000-yillarda boshlangan elektromobil “vasvasasi”, aniqroq aytganda, “eyforiyasi” o‘z cho‘qqisiga chiqib, endi pasaya boshlagan ko‘rinadi. Buning sabablari ko‘p va bu faqat elektromobillarning noqulayligi bilan bog‘liq emas. Hatto yirik avtomobil ishlab chiqarish kompaniyalari ham avval elektromobillar asri boshlanishini bashorat qilib, yaqin 5-10 yil davomida ichki yonuv dvigatelli (IYD) transport vositalarini ishlab chiqarishni to‘xtatib, faqat elektr transport vositalarini (ETV) ishlab chiqarishini e’lon qilgan bo‘lsa-da, so‘nggi paytlarda bu rejalariga tuzatish kiritmoqda.
Dunyoning yetakchi kompaniyalari elektromobil ishlab chiqarishdan (negadir) bosh tortyapti
Masalan, Ford kompaniyasining ekologiya uchun zararsiz va elektromobil ishlab chiqarishga mas’ul Model E – “yashil” bo‘linmasi ijrochi direktori Marin Gjajaning aytishicha, Yevropa avtomobil modellari qatori uchun elektrlashtirish strategiyasini qayta ko‘rib chiqishga qaror qilingan.
General Motors (GM) konserni rahbariyati ham shunday qaror qabul qildi. 2022-yil boshida debyut qilgan Chevrolet Silverado EV elektromobilini ishlab chiqarishni yana (ikkinchi marta) keyinga qoldirdi. Ammo bu safar reja noma’lum muddatga ortga surilgan.
Chevrolet Silverad10o EV Detroytdagi Orion zavodida yig‘ilishi kerak edi, ammo endi bu zavod faqat IYOD modellarni ishlab chiqaradigan bo‘ldi.
Audi, Mercedes-Benz, GM, Ford va boshqa bir qator G‘arb avtomobil kompaniyalaridan keyin Porsche ham ETV borasida avvalgi umidlari haddan ziyod yuqori bo‘lganini tan oldi va endi IYOD modellarning ishlash muddatini uzaytirish va modernizatsiyalash ustida ishlashini ma’lum qildi.
Chuchvarani xom sanagan Xitoy
Jahon miqyosida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Shimoliy Amerika avtomobil bozori xaridorlari na Amerikadan, na Xitoydan keladigan elektromobillarni hatto juda arzon narxda ham sotib olishni xohlamayapti. Hatto Xitoyning demping o‘yinlari ham foyda bermayapti.
(Aytishlaricha, Xitoy ETVlarining narxini hatto tannarxidan ham past narxda dunyoga sotib, boshqa mamlakatlarning ETV kompaniyalarini sindirib o‘yindan chiqargach, yakka monopoliyaga aylanib, o‘zi istagancha narxda sotmoqchi edi. Bunda Xitoy avtozavodlariga kompensatsiya va subsidiya berish ham ko‘zda tutilgan.) Biroq boshqa davlatlar bu “tuzoq”ni payqab qolishdi shekilli, ayrim davlatlar “mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoyalash” bahonasida Xitoy avtomobillari uchun cheklovlar kiritib, boj to‘lovlarini oshirdi.
Elektromobil “eyforiya”si qanday boshlangandi?
Energiya inqirozi, neft narxining oshishi va IYODdan CO2 va boshqa zararli moddalarning havoga va tuproqqa chiqarilishi natijasida yuzaga keladigan ekologik muammolardan xabardorlik muqobil energiya manbalariga qiziqishni oshirdi. Ekologik harakatlar va olimlar an’anaviy avtomobillarning atrof-muhitga salbiy ta’sirini tobora ko‘proq ta’kidlab, bajarish og‘ir emissiya qoidalari va standartlari paydo bo‘lishiga turtki bo‘lmoqda. Siyosatchilar va hukumatlar, ayniqsa, Yevropa va Xitoyda yashil energiya g‘oyalarini faol ravishda ilgari surish va subsidiyalar, soliq imtiyozlari va IYODlariga cheklovlar orqali ETVga o‘tishni rag‘batlantirishga kirishdilar.
Avtomobil ishlab chiqaruvchilarning roli
Yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchilar va startaplar keyingi eyforiyada muhim rol o‘ynadi. Tesla ETVlarni ommaviy ishlab chiqarish va ommalashtirishda peshqadam bo‘ldi. Kompaniya ETVlar nafaqat ekologik toza, balki zamonaviy, yuqori unumdorlikka ega va innovasion bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Tesla’dan keyin Nissan, General Motors, Volkswagen kabi gigantlar ham o‘z elektromobillarini loyihalashtirish va ishlab chiqarishga sarmoya kirita boshladi. Buni nafaqat strategik zarurat, balki o‘z imijini yaxshilash va yangi mijozlarni qozonish imkoniyati sifatida ham ko‘rdi.
Ommaviy eyforiya
Shunday qilib, 2020-yillarning boshlarida dunyo "ETV davri" deb ataladigan davrga qadam bosdi. Elektr avtomobillari endi ekzotik yoki o‘ziga xos mahsulot emas – ular ommaviy hodisaga aylandi. ETVlar barqarorlik, innovatsiyalar va iqtisodiy manfaatlar markaziy rol o‘ynaydigan yangi davrning ramzi bo‘ldi. ETVlar atrofidagi eyforiya global ifloslanish va iqlim o‘zgarishi muammolarini hal qilishga yordam beradigan toza va barqaror kelajakka umid qilishdan kelib chiqdi.
“Olimp” cho‘qqisidan qulashning boshlanishi
Biroq oxirgi paytlarda ETV mashhurlik va jozibadorligini yo‘qotmoqda. O‘tgan yigirma yil ichida ular uglerod chiqindilari va qazib olinadigan yoqilg‘iga qaramlik kabi muammolarga yechim taklif qilishdi. Biroq, dastlabki shov-shuvga qaramay, biroz o‘tib, ko‘plab mutaxassislar elektromobillar davri tugashi haqida gapira boshladilar. Ular ETVlarning IYOD avtombillaridan afzal emasligini ta’kidlab, ularning ayrim kamchiliklariga urg‘u berishmoqda.
Iqtisodiy samarasizlik
ETVlardan umidsizlikka tushishning asosiy sabablaridan biri – ularning yuqori narxidir. Tadqiqotlarga ko‘ra, elektr avtomobil ishlab chiqarish IYODga ega, shunga o‘xshash avtomobilga qaraganda 45 foiz qimmatga tushadi. Bu farqning katta qismi batareya ishlab chiqarish ulushiga to‘g‘ri keladi. Misol uchun, Tesla’ning S modeli uchun akkumulyator taxminan 15-20 ming dollar turadi, bu butun avtomobil narxining yarmidan ko‘pini tashkil etadi. Texnologiyadagi yutuqlar va ishlab chiqarishning ko‘payishiga qaramay, batareyalar narxi ETVning narxini IYOD avtomobillari bilan raqobatbardosh qilish uchun yetarlicha tez pasaymayapti.
Bundan tashqari, ETVning operatsion xarajatlari ham kutilganidan yuqori. Elektr energiyasi benzinga qaraganda arzonroq bo‘lsa-da, qimmat batareyalarni almashtirish va murakkab boshqaruv tizimlari tufayli ETVga texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari yuqori bo‘lishi mumkin. Batareyaning o‘rtacha ishlash muddati, uni almashtirish kerak bo‘lgunga qadar taxminan 8-10 yilga teng. Yangi akkumulyatorning narxi avtomobil narxining 50 foizgacha bo‘lishi mumkin, bu esa uzoq muddatli istiqbolda elektromobillarni kamroq jozibador qiladi.
Cheklangan masofa va infratuzilma
ETV sohiblari duch keladigan ikkinchi jiddiy muammo – bu bir zaryadda cheklangan diapazon va quvvatlash stansiyalarining yetarli darajada rivojlanmagan infratuzilmasi hisoblanadi. Elektromobillar bir marta quvvatlanganda taxminan 300-400 kilometr masofani bosib o‘ta oladi. Lekin bu muntazam va uzoq quvvatlash uchun to‘xtashlarsiz uzoq safar qilishga yetarli emas.
IYODga ega avtomobillar esa benzin to‘latilgan bak bilan 600 kilometrdan ortiq masofani bemalol bosib o‘ta oladi, yonilg‘i quyish jarayoni uchun esa bir necha daqiqa kifoya bo‘ladi.
Quvvatlash infratuzilmasi ham asosiy muammo bo‘lib qolmoqda
Dunyoning aksariyat mamlakatlarida quvvatlash stansiyalarining soni an’anaviy yoqilg‘i quyish shoxobchalari miqdoridan ancha kam. Misol uchun, AQSHda har bir quvvatlash stansiyasiga 25 ga yaqin yoqilg‘i quyish shoxobchalari to‘g‘ri keladi, bu esa ETV egalari uchun ancha noqulaylik tug‘diradi. Ba’zi hududlarda quvvatlash stansiyalariga kirish cheklangan bo‘lishi ham mumkin.
Ekologik noto‘g‘ri tushunchalar
Bir vaqtlar ETVlarga IYOD o‘rniga ekologik toza muqobil variant sifatida qaralgan. Biroq ETVni ishlab chiqarish va ulardan foydalanishning o‘sishi bilan birga ular qanchalik ekologik toza ekanligi haqida savollar paydo bo‘ldi. ETV uchun akkumulyatorlarni ishlab chiqarish katta resurslarni, jumladan, litiy, kobalt va nikel kabi noyob qazilma metallarini talab qiladi. Ushbu metallarni qazib olish jiddiy ekologik va ijtimoiy oqibatlarga olib keladi. Ekotizimlar va mahalliy jamoalar huquqlarining buzilishi shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, ETVni ishlab chiqarish yuqori CO2 – karbonat angidrid chiqindilari bilan bog‘liq. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, elektr avtomobil ishlab chiqarish jarayoni IYOD avtomobil ishlab chiqarishga qaraganda 50% ko‘proq CO2 chiqarishi mumkin. Bu batareyalar va boshqa elektr avtomobil komponentlarini ishlab chiqarish uchun yuqori energiya xarajatlari bilan bog‘liq. Natijada, ETVning ekologiyaga umumiy ta’siri avvallari o‘ylashganidek unchalik past emas.
ETVning ishlash ekologiyasi ularni quvvatlash uchun ishlatiladigan elektr energiyasi manbasiga bog‘liqligini ham hisobga olish kerak. Elektr energiyasining katta qismi ko‘mir yoki gaz elektr stansiyalaridan ishlab chiqariladigan mamlakatlarda ETVdan foydalanish nafaqat CO2 chiqindilarini kamaytirmaydi, balki oshiradi ham.
Bunday sharoitda IYOD avtomobillar, ayniqsa, zamonaviy chiqindi gazlarni tozalash tizimlari bilan jihozlangan bo‘lsa, ETVlardan tozaroq bo‘lishi mumkin.
Texnologik cheklovlar
ETV ham bir qator texnologik cheklovlarga ega. Ulardan biri - quvvatlash vaqtidir. Hatto eng zamonaviy, tez quvvatlash stansiyalarida ham ETVni to‘liq quvvatlash 30 daqiqadan bir necha soatgacha davom etadi. Bu bir necha daqiqada yonilg‘i quyish mumkin bo‘lgan IYOD avtomobil bilan solishtirganda ETVdan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada cheklaydi.
Bundan tashqari, ETV past haroratli muhitda sezilarli samaradorligini yo‘qotadi. Sovuq havoda batareya quvvati 20-30% ga kamayishi mumkin, bu esa har bir zaryad oralig‘ini kamaytiradi va tez-tez quvvatlashni talab qiladi. Bu ETVning qishi qattiq bo‘lgan hududlar uchun jozibadorligini pasaytiradi.
Ishlatilgan batareyalarni utilizatsiya – yo‘q qilish bilan bog‘liq muammolar ham juda og‘riqli. Hozirgi vaqtda akkumulyatorlarni qayta ishlash tizimlari yetarli darajada ishlab chiqilmagan, bu esa jiddiy ekologik tahdidlarni keltirib chiqaradi. Natijada, ko‘p miqdorda ishlatilgan batareyalar chiqindixonalarga tushib, zaharli moddalari bilan atrof-muhitni ifloslantiradi. Batareya uchun zarur nodir metal va moddalarni qazib olish tabiatga qanchalik zarar yetkazayotgani esa alohida mavzu.
IYOD avtomobillarining afzalliklari
IYOD avtomobillar, ularning kamchiliklariga qaramay, ETVga nisbatan bir qator afzalliklarini saqlab qolmoqda.
Avvalo, ular katta avtonomiyaga va foydalanish qulayligiga ega. IYOD transport vositasini yonilg‘i bilan to‘ldirish bir necha daqiqa vaqtni oladi va deyarli hamma joyda amalga oshirilishi mumkin. ETVni quvvatlash esa ancha vaqtni va quvvatlash stansiyasini talab qiladi.
Bundan tashqari, IYOD avtomobillar yanada rivojlangan va qulay infratuzilmaga ega. Yoqilg‘i quyish shoxobchalari deyarli hamma joyda mavjud, bu esa IYOD mashinalardan foydalanishni qulayroq ko‘rsatadi.
Buning ustiga, IYOD avtomobillar uzoqroq xizmat qiladi va arzonroq texnik xizmat ko‘rsatishni talab qiladi. Zamonaviy IYOD ancha ishonchli va o‘nlab yillar xizmat qilishi mumkin. ETV esa batareyalarni muntazam ravishda almashtirish va murakkab texnik xizmat ko‘rsatishni talab qiladi.



