$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda necha kishi Putinga ovoz berdi?

Putin

Dushanba kuni Rossiya Markaziy saylov komissiyasi amaldagi prezident Vladimir Putin saylovchilarning 87 foizdan ko‘proq ovozini qo‘lga kiritganini ma’lum qildi, bu uning mamlakatni boshqargan deyarli 25 yillik tarixidagi eng yuqori natijadir. Yakunda saylovchilarning ishtiroki 77% dan ortiqni tashkil etdi, buni Rossiya MSK ham zamonaviy Rossiya tarixidagi rekord deb atadi.

Ikkinchi o‘rinda Kommunistik partiyadan Nikolay Xaritonov (4,30 foiz ovoz), uchinchi o‘rinda “Yangi xalq” partiyasidan Vladislav Davankov (3,82 foiz), to‘rtinchi o‘rinda Liberal-demokratik partiyadan Leonid Slutskiy (3,20 foiz) qayd etildi.

Xo‘sh, O‘zbekistonda saylov jarayonlari qanday o'tdi?

Yakshanba kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Rossiya prezidenti saylovida 4661 kishi ovoz berdi. Jarayon soat 8:00 dan 20:00 gacha ikkita saylov uchastkasida — Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tdi.

“Ovoz berish tinch, do‘stona muhitda o‘tdi”, — deya ta’kidladi Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginov (iqtibos elchixona matbuot xizmatidan keltirilgan).

Saylovchilar soni 2018-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan Rossiya prezidenti saylovidagiga qaraganda kamroq bo‘ldi. O‘shanda O‘zbekistonda 5 500 dan ortiq rossiyalik ovoz bergandi.

Avvalgi saylovda uchta shaharda — Toshkent, Buxoro va Farg‘onada saylov uchastkalari faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, muddatidan oldin ovoz berish yana to‘rtta shahar — Navoiy, Samarqand, Guliston va Olmaliqda o‘tkazilgandi. Bu safar muddatidan oldin ovoz berish o‘tkazilmadi, shuningdek, saylovga Rossiyaning o‘zida bo‘lgani kabi uch kun emas, faqat bir kun ajratildi.

Toshkentda Putinga qancha ovoz berildi?

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentda Vladimir Putinga 57,95 foiz, Vladislav Davankovga esa 31,92 foiz ovoz berilgan.

“Xorijda ovoz ber” ekzit poli Samarqand shahrida 251 nafar, Toshkent shahrida 2141 nafar saylovchini qamrab oldi. Respondentlarning mos ravishda 35 va 19 foizi javob berishdan bosh tortdi.

Birinchi shaharda respondentlarning 35 foizi Vladimir Putinga ovoz berganini ma’lum qildi, poytaxtda esa bu 36 foizni tashkil etdi. Davankov uchun mos ravishda 18% va 36% ovoz berildi. Ekzit pol natijalariga ko‘ra, Samarqandda ham, Toshkentda ham respondentlarning 1 foizi Slutskiyga ovoz bergan bo‘lsa, Xaritonov nomzodini birinchi shaharda 0 foiz, ikkinchisida esa 1 foiz respondentlar qo‘llab-quvvatladi.

Senzura, repressiya va zo‘ravonlikka asoslangan soxta saylov 

Putinning 87,32 foiz ovoz bilan yana “kursi”sini saqlab qolishi bilan birinchilardan bo‘lib uni Boliviya, Venesuela, Nikaragua, Shimoliy Koreya, O‘zbekiston, Tojikiston kabi davlatlar rahbarlari tabriklagan bo‘lsa, G‘arb davlatlari saylovni adolatsiz deb atadi. 

Jumladan, Yevropa Ittifoqi Kengashi raisi Sharl Mishel Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan prezidentlik saylovlari bilan bog‘liq X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida istehzoli bayonot e’lon qildi. U Rossiyada saylov boshlanmasidanoq Putinni “ishonchli g‘alaba”si bilan tabrikladi. 

Germaniya hukumati esa ovoz berishni senzura, repressiya va zo‘ravonlikka asoslangan avtoritar hukmdor davridagi soxta saylov deb atadi. Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Putinni tabriklamoqchi emasligini va unga xat jo‘natilmasligini ma’lum qilgan. 

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyada erkin, plyuralistik va demokratik saylovlar uchun shartlar yana bir bor bajarilmaganini ta’kidlab, saylov hech qanday xolis xalqaro kuzatuvsiz o‘tganini qayd etdi.

“Dunyodagi hamma tushunadi, bu shaxs tarixda tez-tez sodir bo‘lganidek, shunchaki hokimiyatga “kasal” bo‘lib, hukmronlik qilish uchun hamma narsani qiladi”, deydi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy.