$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Ekostikerlar boshlanishiga ikki kun qoldi: Tizim ishlaydimi yoki yana kechiktiriladimi?

ekostiker

Esingizda bo‘lsa, ekostiker tizimi dastlab 2024-yil 1-iyunda ishga tushirilishi rejalashtirilgan edi, biroq texnik muammolar va qo‘shimcha tayyorgarlik zarurligi sababli 2025-yil 1-martga ko‘chirildi. Endi belgilangan sana yaqinlashar ekan, tizimning ishga tushishi yana shubha ostida turibdi. Ko‘chalarda yo‘l belgilarining yo‘qligi, huquqiy tartibotning aniqlanmagani va haydovchilar uchun yetarlicha tushuntirish ishlari olib borilmagani tizimning qanchalik tayyor ekanligi haqida savollar tug‘dirmoqda.

Ekostiker nima va u qanday ishlaydi?

Ekostiker — bu avtomobilning ekologik “pasporti” bo‘lib, u transport vositasining shahar bo‘ylab harakatlanish cheklovlarini belgilaydi va u uch xil rangda bo‘ladi:

  • Yashil – shahar bo‘ylab hech qanday cheklovlarsiz harakatlanish mumkin.
  • Sariq – ayrim ekologik zonalarga kirish cheklangan.
  • Qizil – ekologik hududlarga kirish taqiqlangan.

Avtomobilga qaysi stikerni berish kerakligini maxsus avtomatlashtirilgan texnik ko‘rik tizimi aniqlaydi. Bu tekshiruv har yili majburiy o‘tkazilib, avtomobil yoshi emas, balki uning chiqindi gazlari ekologik me’yorlarga mos kelishi asosiy mezon bo‘ladi. Agarda avtomobilning ekologik ko‘rsatkichlari yomonlashsa, yashil stiker sariq yoki qizil rangga almashtirilishi mumkin.

3 yoshgacha bo‘lgan avtomobillar, elektromobillar va elektroskuterlar esa stikerni tekshiruvsiz, onlayn ariza berish orqali olishi mumkin. Ular uchun stiker pochta orqali yuboriladi.

Tizim uchun sharoit yaratildimi?

Garchi ekostikerlar tizimi nazariy jihatdan mantiqiy tuyulsa-da, amaliyotda hali ko‘plab savollar ochiq qolmoqda. Masalan, shaharda ekologik hududlarning chegaralarini belgilovchi yo‘l belgilarining o‘rnatilishi kuzatilmayapti. Aslida, aynan shu belgilar asosida haydovchilar jarimaga tortilishi kerak bo‘ladi, ammo ularning yo‘qligi tizimning qanday ishlashiga shubha uyg‘otmoqda.

Bundan tashqari, ekologik zonalarga noqonuniy kirgan haydovchilarga qanday choralar ko‘rilishi ham hozircha aniq emas. Chunki shu kungacha ushbu qoidalarni buzganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qonun loyihasi taqdim etilmadi. Agar qonuniy asos bo‘lmasa, jarimalar qanday belgilanishi va ijro etilishi mavhumligicha qolmoqda.

Yana bir muhim masala – eski avtomobillarni sotib olish va yangi ekologik transport vositalariga subsidiya berish tizimi ham yo‘lga qo‘yilmagan. Agar bunday tizim ishlab chiqilganida, haydovchilar “iflos” mashinalarni ekologik toza transportga almashtirish imkoniyatiga ega bo‘lardi. Ammo hozircha bu borada ham aniq mexanizm ishlab chiqilmagan.

Tizim ishlaydimi yoki yana kechiktiriladimi?

Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, ikkita ehtimol ko‘zga tashlanmoqda. Birinchisi – hukumat tizimni yana kechiktirishi mumkin. Ikkinchisi esa – tizim shoshilinch tarzda ishga tushiriladi, ammo bu jarayonda ko‘plab muammolar yuzaga kelishi ehtimoli yuqori.

Hozircha Ekologiya vazirligi va YHXB tomonidan ekostikerlar tizimining amalda qanday ishlashi haqida rasmiy tushuntirish berilgani yo‘q. Shu sababli, haydovchilar hali ham noaniqlik ichida qolmoqda. Yaqin kunlarda rasmiy idoralar haydovchilarni kutayotgan o‘zgarishlar haqida aniq ma’lumot taqdim etishiga umid qilinmoqda. Aks holda, 1-martdan boshlab ekostikerlar tizimi rejalashtirilganidek ishlashiga ishonch kam.

Теги :
Jamiyat