$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda boylar yanada tezroq boyib boryapti, kambag‘alchi?

richandpoor

O‘zbekistonda aholining boy qatlamlari daromadlarining o‘sishi kambag‘al qatlamnikiga qaraganda ancha yuqori darajada ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Iqtisodiy tengsizlikning kuchayishi

Jahon banki O‘zbekiston aholisining daromadlar tengsizligi oshib borayotganidan xavotirda ekanligini ma’lum qildi. Tahlil qilinishicha, aholining boy qatlamlari daromadlarining o‘sishi kambag‘al qatlamnikiga qaraganda ancha yuqori darajada. Jahon banki “O‘zbekiston kambag‘allikka barham berish yo‘lida: xalqaro taqqoslash natijalari” deb nomlangan hisobotini e’lon qildi. Tahlilga ko‘ra, mamlakatda kambag‘allik darajasi sezilarli qisqarayotgan bo‘lsa-da, aholi orasida iqtisodiy tengsizlik kuchayib borayotgani xavotirli.

Ishlar qishloqlarda shaharga nisbatan samaraliroq kechmoqda

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda qashshoqlik darajasi 2015-yildagi 36 foizdan 2022-yilda 17 foizga keskin pasaygan. Bu pasayish darajasi Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlariga qaraganda tezroq kechgan. Respublikada kambag‘allik darajasi 2023-yilda 11 foizgacha kamaygan. Jahon banki respublika qishloq joylarida kambag‘allikning qisqarishi shaharlarga nisbatan sezilarliroq bo‘lganini qayd etgan. Bu davrda qariyb 1,6 million kishi kambag‘allikdan chiqarilgan.

Jahon banki hisoboti

Jahon banki tahliliga qaraganda, O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishga bir qator omillar ijobiy ta’sir qilgan. “Uy xo‘jaliklari daromadlarining o‘sishi kambag‘allikni kamaytirishning asosiy omili bo‘lgan. Ish haqining o‘sishi kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha erishilgan yutuqlarning 60 foizini tashkil etgan. Keyingi eng muhim omil ijtimoiy transfertlar bo‘ldi. Chunki hukumat aholining ayrim guruhlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha asosiy dasturlarni modernizatsiya qildi va kengaytirdi. Shu bilan birga, pensiya ta’minotining yaxshilanishi uy xo‘jaliklari oladigan turli ijtimoiy nafaqalar orasida eng katta ijobiy ta’sir ko‘rsatdi”,—deya xulosa qilingan hisobotda.

Jini koeffitsiyenti

"2022–2023-yillarda aholining eng kambag‘al 10 foizining daromadi 6 foizga o‘sdi. Biroq, aholining eng badavlat 10 foizi daromadlari 30 foizdan ortiq o‘sdi. Daromadlar tengsizligining statistik ko‘rsatkichi bo‘lgan Jini koeffitsiyenti 2022-yildagi 0,31 dan 2023-yilda 0,35 gacha ko‘tarildi. Agar tengsizlikning o‘sishi bo‘lmaganida, qashshoqlik 5,5 foiz punktga tushishi mumkin edi”,—deya ma’lum qilgan Jahon banki.

Muammo nimada va qanday chora ko‘rish mumkin?

“Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, kambag‘al uy xo‘jaliklari bir qator kamchiliklarga ega. Xususan, ularda ish bilan ta’minlanish ehtimoli kamroq. Ko‘pchiligida ma’lumot darajasi past. Uy xo‘jaliklari o‘rtasidagi bu tafovutlarni kamaytirish O‘zbekistonda o‘sib borayotgan tengsizlikni cheklash va qashshoqlikni yanada kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi”, — deya ma’lum qilinadi hisobotda.