$
 12447.35
86.49
 14545.97
66.46
 146.08
0.42
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda dron ishlab chiqariladi

Dron

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, vazirlik delegatsiyasi Malayziyadagi hamkasblari bilan dronlar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Dronlarni mahalliylashtirgan holda ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv

Malayziyaga tashrif davomida aqlli qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va dronlar ishlab chiqarish, sholichilik, baliqchilik, kauchuk yetishtirish, meva-sabzavot va ipak mahsulotlarini eksport qilish kabi yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik ishlarini boshlashga kelishib olingan. Xususan, Meraque kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish ilmiy-tadqiqot instituti hududida aqlli qishloq xo‘jaligi texnikalari va dronlarni mahalliylashtirgan holda ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv imzolangan.

O‘zbekiston va dron masalasi

Ma’lumot uchun, dastlab 2015-yilda mamlakatda dronlarni olib kirish va ulardan foydalanish to‘liq taqiqlangan. Shundan so‘ng, 2018-yil may oyidan boshlab xorijiy ijodiy guruhlar tomonidan O‘zbekistonning turizm salohiyati haqida foto va video materiallar tayyorlash uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini, jumladan, dronlarni vaqtincha olib kirishga ruxsat berilgan. Keyingi yildan esa uchuvchisiz uchish apparatlarini noqonuniy olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki ishlatish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. 2020, 2021 hamda 2022-yillarda ko‘plab sayyoh va blogerlar ayni shu mavzuga aloqadorlik sabab javobgarlikka tortilgan. Hatto Andijonda dron yordamida video suratga olmoqchi bo‘lgan videooperatorga uch yillik shartli qamoq jazosi ham tayinlangan. 

Qonunchilikdagi yengillik va o‘zgarishlar 

2024-yilga kelibgina qonun bilan uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanishda birinchi marta ayblanayotgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik emas, balki ma’muriy javobgarlik belgilandi. Xususan, ma’muriy huquqbuzarlik natijasida aniqlangan uchuvchisiz uchadigan apparatlar davlat hisobiga musodara qilinishi, qonunga xilof ravishda harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinishi belgilandi. Ushbu toifadagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Ma’muriy jazodan keyingi choralar

Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, quyidagicha jazolanadi:

BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha (8 mln. 500 ming so‘mdan 17 mln. so‘mgacha) miqdorda jarima;

3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;

3 yilgacha ozodlikni cheklash;

3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot